Hududlardagi mavjud ekin yerlaridan samarali foydalanish bugungi kunda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Ayniqsa, dala chetlari, bog‘ va tokzor qator oralari hamda kollektor-drenaj atroflaridagi foydalanilmay kelinayotgan yer uchastkalaridan unumli foydalangan holda turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish aholi farovoniligini ta’minlashga, narxlar barqarorligiga, qolaversa, fuqarolar bandligiga xizmat qiladi.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasida pillachilik klasterlari hamda tutchilik va pillachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga foydalanish maqsadida 10 gektardan kam bo‘lmagan o‘lchamda yer maydoni ajratilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari dala chetlaridagi kollektor-drenaj va sug‘orish tarmoqlarining atroflaridagi yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, loyihada yerdan foydalanuvchilarning dala chetlari va kollektor-drenaj hamda sug‘orish tarmoqlarining atroflaridagi yer maydonlaridan, bog‘ va tokzor qator oralaridan samarali va oqilona foydalanishini ta’minlashga doir majburiyatlarini belgilash taklif etilmoqda.
Yig‘ilishda so‘z olgan fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi pillachilik sohasini yanada rivojlantirish va pilla xomashyosini yetishtirishning ozuqa bazasini yanada kengaytirishga zamin bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, dala chetlari, bog‘ va tokzor qator oralari hamda kollektor-drenaj atroflaridagi foydalanilmay kelinayotgan yer uchastkalarida mahsulotlar yetishtirishni kengaytirish orqali agrar sohada aholi bandligini, oziq-ovqat xavfsizligini va narx barqarorligini ta’minlashga va daromadlari oshishiga xizmat qilishini qayd etib o‘tdilar.
Muhokamalarda qonun loyihasini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA