Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerdan omilkorlik bilan foydalanib, yaxshi daromad olayotgan yoshlar safi kengaymoqda
14:44 / 2024-09-09

Mamlakatimizda yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularni kasbga o‘rgatish va bandligini ta’minlash masalasi doimiy e’tiborda. Shuningdek, yigit-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha aniq-chora tadbirlar ishlab chiqilgan.

Bandlikni ta’minlashda qishloq xo‘jaligi sohasida imkoniyatlar katta. Misol uchun, keyingi yillarda shu maqsadda ko‘plab gektarlik paxta va g‘alla maydonlari qisqartirildi. Bu yer esa dehqonchilik qilish uchun aholiga, xususan, yoshlarga bo‘lib berildi.

Davlatimiz rahbari joriy yil boshi – 23 fevral kuni yoshlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda bu masalaga alohida to‘xtalgan edi. Yig‘ilishda tuman hokimlari yerni suv ta’minoti yaxshi joydan ajratishga mas’ul bo‘lishi, har bir yoshga qancha maydon ajratish bo‘yicha “mahalla yettiligi” taklif berishi qayd etilgan.  Muhim tashabbuslar ijrosi hududlarda o‘z ifodasini topayotir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Kegeyli tumanidagi Juzimbag‘ mahallasida bo‘lib, yoshlar bandligini ta’minlash masalasida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi bilan tanishgan edi.

Bu mahallaning mingdan ortiq xonadonida 4 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. Bugungi kunda hududda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni yetmishtadan oshgan. Uchta maktab, oltita bog‘cha bor. Ularda hudud aholisining bir qismi doimiy ish bilan band. Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida 175 kishi ishga joylashtirilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun qator loyihalarga kreditlar ajratilmoqda.

Chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan bu hududda 990 ta xonadonning tomorqa yer maydoni mavjud. Muhimi Sayxunobod tajribasi asosida issiqxona tashkil etib, yiliga ikki marta hosil olishni yo‘lga qo‘yayotgan oilalar soni ko‘paymoqda.

Tajribada har bir mahallaning ma’lum yo‘nalishga ixtisoslashuviga alohida e’tibor berilishi o‘z samarasini bermoqda. Juzimbag‘da ham shu jihatni inobatga olgan holda imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xususan, dehqonchilik uchun 174 nafar fuqaroga 128 gektardan ortiq yer uzoq muddatga ajratilgan. Ular yerning har qarichidan samarali foydalanmoqda. Dehqonchilik qilib, ro‘zg‘or uchun qo‘shimcha daromad qilmoqda.

– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga ko‘ra tumanimizda qilinayotgan ishlar e’tiborga molik, – deydi tuman yoshlar faoli Gulnoz To‘remurotova. – Tengdoshlarimizning muammolarini hal qilish, salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitishga alohida yondashilmoqda. Juzimbag‘ mahallasida ham “Orol Agro” korxonasi tomonidan “Yoshlar uzum bog‘i” tashkil etildi. Bu tokzordan qirq kishiga 25 sotixdan yer ajratib berilgan. Yoshlarimiz bugun tokzorning qator oralaridan ham omilkorlik bilan foydalanmoqda. Poliz ekinlari, ko‘katlar yaxshi daromad keltirmoqda. Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonga  tashrifi davomida shu yerda dehqonchilik qilayotganlar bilan dildan suhbatlashdi. Yoshlarimizning takliflari, istiqboldagi rejalarini eshitdilar. Bu bizga katta shijoat berdi. Yanada faol bo‘lishga, ilmimizni tinimsiz oshirishga turtki bo‘ldi.  

Voish usulida parvarish qilinayotgan bu tokzorning qator oralaridan samarali foydalanilayotgani ko‘zni quvontiradi. Ekilgan sabzavotlardan to‘rt yuz tonnagacha mahsulot olinmoqda. Muhimi, bu  toklar to‘liq hosilga kirsa har yili to‘rt milliard so‘mlik ikki yuz tonnaga yaqin mahsulot olinishi ko‘zda tutilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlarni doimiy daromadga ega qilish maqsadida bu kabi loyihalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joylarda mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali oilalarning daromadini, xarid qobiliyatini oshirish bugungi kunning dolzarb masalasi.

Ikrom AVVALBOEV,

Nosirjon HAYDAROV(surat),

O‘zA