Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerdan noqonuniy foydalanishga hech kimning haqqi yo‘q
16:55 / 2024-01-23

Bugungi kunda yurtimizda yerdan samarali va oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda uni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari ham sodir etilmoqda. Kadastr agentligi Xatirchi tuman bo‘limi xodimlari tomonidan 2023 yil davomida 135 ta holatda 109,11 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallash holati aniqlangan.

Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 114 ta holat ixtiyoriy bartaraf etilib, 41 gektar yer maydoni avvalgi holatiga qaytarilgan. Qolgan 21 ta holatdagi 68,11 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan Fuqarolik ishlar bo‘yicha Xatirchi tumani sudiga da’vo arizalari kiritildi. 

– Yakunlangan yilda 290 ta yer qonunbuzilishi holatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy jarima qo‘llanildi, – deydi Agentlikning tuman bo‘lim boshlig‘i Abdulaziz Sa’diyev. – Jumladan, 138 ta holatdagi yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar Kodeksning 60-moddasi 2-qismiga asosan 8 million 250 ming so‘mdan 16,5 million so‘mgacha jarimaga tortildi. Shuningdek, noqonuniy qurilish qurganlik holati bo‘yicha 18 ta holatda huquqbuzarlik aniqlanib, ularning 6 tasi ixtiyoriy bartaraf qilingan bo‘lsa, 12 ta noqonuniy qurilishlarni majburiy tartibda buzdirish uchun sudga da’vo arizalari kiritildi. Bundan tashqari, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik holati bo‘yicha 134 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ularning har biriga eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida jarima qo‘llanildi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlandi. 

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi va Virtual qabulxonasi orqali 71 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 37 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 34 tasiga tushuntirish berilgan. 

Konstitutsiyamizning 68-moddasida Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir, deb belgilab qo‘yilgan. Shunday ekan, yer davlat mulki, undan noqonuniy foydalanishga hech kimning haqqi yo‘q. Samarali va oqilona foydalanish esa barchamizning burchimizdir. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri