Kadastr agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi va uning tasarrufidagi tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joylarda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, maqsadsiz foydalanishga chek qo‘yish, qonunbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish bo‘yicha ham zarur ishlar olib borilmoqda. Mazkur holatlarga yuzasidan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
–Agentlikning hududiy shahar va tuman inspektorlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida yer maydonlarini o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanish kabi qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 2 456 nafar huquqbuzarga nisbatan 7 milliard so‘mdan ortiq jarima qo‘llangan, – deydi Kadastr agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi ma’muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i Shavkat Abdullayev. –Shundan 2 milliard 400 million so‘mdan ortiq qismi undirilgan. Bundan tashqari, jarima jazosi qo‘llanilgan shaxslar jarimalarni belgilangan vaqtda to‘lamaganligi sababli 738 ta tegishli hujjat Majburiy ijro byurosiga jarimalarni undirish uchun yuborilgan.
Shuningdek, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 60-moddasi 2-qismiga asosan yuritilgan ishlarning 215 tasi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan birinchi marta sodir etilganligi va o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasini qaytarganligi, oqibatlarini bartaraf etgani uchun huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik ishi tugatilgan va ma’muriy jazodan ozod etilgan.
Zarif Komilov, O‘zA