Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yerdan maqsadsiz foydalanish qonunchilikka ziddir
16:57 / 2026-02-25

Qonun va ijro

Yerdan maqsadsiz foydalanish  O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi talablariga zid hisoblanadi va fuqarolar uchun ko‘plab salbiy oqibatlarga olib keladi. Xususan, sud qarori asosida yerdan foydalanish huquqi bekor qilinishi, yer egasiga nisbatan ma’muriy yoki fuqarolik javobgarligi qo‘llanilishi kabi choralar ko‘riladi.  

Qishloq xo‘jaligi uchun ajratilgan yerda esa noqonuniy turarjoy qurilishi ham maqsadsiz foydalanish bo‘lib, ushbu ob’ektlar buzilish xavfi ostida qoladi. Shu sababli joylarda aholi bilan uchrashuvlar, sayyor qabullarda mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilish targ‘ibot qilinmoqda. Biroq shunga qaramay qonunbuzarlik holatlari uchramoqda.  

Jumladan, Kadastr agentligining Toshkent viloyat boshqarmasi Yer va kadastr nazorati shu’basi tomonidan O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida yer maydonidan maqsadsiz foydalanish holati aniqlandi.

Unga ko‘ra, tumanning “Sof oq oltin” massividagi davlat zaxira yerlari tarkibidan fuqaro V.K. oilaviy korxonasiga 2019-yil 29-yanvardagi hokim qaroriga asosan qishloq xo‘jaligi xaritasining 245, 246 va 247-konturlaridan jami 4,33 gektar yer maydoni quyonchilik yo‘nalishida foydalanish uchun 30 yil muddatga ijara asosida ajratilgan. O‘tkazilgan o‘rganishlar va joyiga chiqib ko‘zdan kechirish ishlari natijasida ijaraga berilgan hududning 245 hamda 247-konturlarida joylashgan jami 2,38 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonida belgilangan maqsadga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan sun’iy baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilgani aniqlandi.

Mutaxassislar tomonidan yer maydonining holati, foydalanish tartibi va huquqiy asoslari batafsil o‘rganilib, aniqlangan qonunbuzarlik holati yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, Yangiyo‘l tumanida ham o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida yer qonunchiligi talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi. O‘rganishlar davomida Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan, Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan jami 8,3 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida sun’iy “baliq ko‘li” tashkil etilgan. Jumladan, mazkur yerlarning 4,5 gektar qismidan “A.F.” MCHJ, 3,8 gektar qismidan esa “T.F.” MCHJ tomonidan foydalanib kelinayotgan edi.

Amaldagi yer qonunchiligiga muvofiq, sug‘oriladigan yerlar alohida muhofaza qilinadigan yerlar toifasiga kiradi hamda ulardan qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishdan boshqa maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, bunday yerlarning meliorativ holati va tuproq unumdorligining pasayishiga olib keluvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi. Aniqlangan holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Kadastr agentligi o‘rtasida 2022-yil 25-martda tasdiqlangan qo‘shma tartibga asosan to‘plangan materiallar qonuniy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyat boshqarmalari mas’ullari joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda yuqoridagi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘ryapti. Xususan, Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i J.Ahrorov boshchiligida Parkent tumanida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda ko‘rilgan asosiy masalalar auksion, kadastr pasportini shakllantirish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga doir murojaatlar bo‘lib, ularni ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Shuningdek, qabulga yig‘ilganlarga 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati, ijrosi bo‘yicha tushunchalar berildi.

A.Musayev, O‘zA