Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer yuzining sayqali bilan tanishish imkoniyati
19:33 / 2023-08-24

Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida “Yer yuzining sayqali” nomli ko‘rgazma ochildi.

Muzey xodimlari, olimlar, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda mazkur ko‘rgazma o‘zbek xalqi va davlatchilik tarixi, birinchi va ikkinchi renessans davri, buyuk allomalar hayoti va faoliyati, unda Samarqandning yuksak siyosiy va madaniy o‘rni va ahamiyatiga qaratilganini ta’kidlandi.  

– Zarafshon vohasi hududidan topilgan tarixiy ashyolar, noyob topilmalar ana shu buyuk tarixdan darak berib turibdi, – deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Bugun sohaga e’tibor oshdi. Nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etyapmiz, rivojlangan mamlakatlar bilan muzeyshunoslikdagi hamkorlik kuchaydi. Bu yurtimiz, xususan, Samarqand tarixini jahon xalqlariga tanitishda muhim o‘ringa ega. Ko‘rgazma davriy tartibda tashkil qilingan bo‘lib, unda bronza va ilk temir davrida Samarqand tarixidagi siyosiy, madaniy jarayonlar, bu qadimiy kentning Buyuk ipak yo‘lidagi mavqeyi, savdo yo‘llarida sug‘d tilining ahamiyati, o‘rta asrlarda sopol, tosh, metall va shishadan ishlab chiqarilgan nodir buyumlarning namunalari o‘rin olgan.  

Shuningdek, birinchi renessansda Samarqandda taraqqiy etgan ilm-fan va madaniyatning Movarounnahr rivojiga ta’siri hamda Samarqand tarixini o‘rganish bilan bog‘liq arxeologik va etnografik ekspeditsiyalarda topilgan ashyolar tarix ixlosmandlari e’tiboriga havola qilinmoqda.  

Ko‘rgazmada Sohibqiron Amir Temurning Samarqandni ilm-fan va madaniyat markaziga aylantirishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy hayot taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi muzey ashyolari, miniatyuralar va tasviriy san’at asarlarida namoyish etilmoqda. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi allomalarning ilm-fanga qo‘shgan hissasi va madaniy merosi ham o‘rin olgan.  

Ko‘rgazma joriy yilning oktyabr oyiga qadar davom etadi.  

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA35