7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni
1948 yil 7 aprel kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga asos solingan. Bu inson salomatligi bilan bog‘liq barcha masalalarni xalqaro darajada hal qilish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam edi. O‘shandan buyon har yili mazkur sana Butunjahon salomatlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham.
“Hayotni sog‘lom tarzda boshlash — farovon kelajak garovi”. 7 aprel — Butunjahon salomatlik kunining joriy yildagi shiori shunday. Ya’ni, mazkur targ‘ibot kampaniyasi orqali Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hukumatlar va xalqaro hamjamiyatni onalar va bolalar salomatligi, xususan, onalar va chaqaloqlar o‘limiga barham berish, ayollar sog‘ligini asrash masalalariga alohida e’tibor qaratishni maqsad qilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mazkur sana bilan bog‘liq qiziqarli va muhim ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, mamlakatimiz 1992 yil 25 maydan ushbu tashkilotga a’zo. 1993 yilda ochilgan JSSTning yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda salomatlik bilan bog‘liq masalalarning xalqaro darajadagi yechimiga munosib hissa qo‘shib kelinadi. Ayniqsa, pandemiya davrida Yer yuzi aholisi sog‘ligi uchun hamjihatlik naqadar muhimligini barcha chuqur anglab yetdi. Shu nuqtada yana Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ko‘mak va tavsiyalariga tayanildi.
Yer yuzida turli epidemiya va pandemiyalar xavfi chekingani yo‘q. Nosog‘lom turmush tarzi, iqlim inqirozi bilan bog‘liq global muammolardan samarali himoyalanish lozim. Qolaversa, atmosferaning ifloslanishi, global isish, suv tanqisligi, kam harakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish, semizlik kabi qator omillar xavfli kasalliklar ko‘payishi va erta o‘lim ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lmoqda.
JSST kelgusida ham tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan hamjihatlikda bu global masalalarga yechim topishda davom etadi. Ushbu sanani nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga salomatlik ulug‘ ne’mat ekanini anglatish. Shu bois bu kun global muammolarga bag‘ishlangan turli shiorlar ostida nishonlanadi.
O‘tgan yillar davomida uning mavzusi ruhiy, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash, faol turmush tarzi va uzoq umr ko‘rishni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining odamlar salomatligiga ta’siri muammosi, onalar xavfsizligi masalalarini muhokama qilish bo‘lgan edi. 2024 yilgi shior esa “Mening sog‘ligim — mening huquqim” deb belgilangan. JSSTning yaqinda e’lon qilingan yangi hisobotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha qariyb 300 ming nafar ayol homiladorlik va tug‘ish bilan bog‘liq omillar hamda kasalliklar tufayli vafot etmoqda. Qolaversa, 2 million nafardan ortiq chaqaloq hayotining birinchi oyida hayotdan ko‘z yummoqda. Yana 2 millionga yaqin homilaning o‘lik tug‘ilishi holatlari qayd etilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, sayyoramiz bo‘yicha o‘rtacha har 7 soniyada bitta oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holati sodir bo‘ladi.
Vaholanki, bu borada JSST tomonidan global maqsadlar, alohida Harakatlar rejalari tasdiqlangan. Har uch davlatdan biri yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limini kamaytirish bo‘yicha tasdiqlangan global maqsadni ro‘yobga chiqara olgani yo‘q. Shundan kelib chiqib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xotin-qizlarni tug‘uruqdan oldin, tug‘uruq chog‘ida va undan keyingi davrda tibbiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash muhimligiga urg‘u bermoqda.
Butunjahon salomatlik kuni dunyo mamlakatlariga sog‘liqni saqlash sohasidagi eng muhim muammolarni hamjihatlikda hal qilish imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA