Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer yuzida OITS epidemiyasi boshlangandan buyon 74 million nafar odam ushbu dardga chalingan
11:56 / 2024-05-31

Bugungi kunda OIV infeksiyasi yer yuzining barcha mamlakatlariga tarqalgan, shu jumladan O‘zbekistonda ham bu kasallik 1987 yildan boshlab, dastlab xorijlik fuqarolar orasida, keyinchalik mahalliy aholida qayd qilingan. Statistikaga ko‘ra, yer yuzida OITS epidemiyasi boshlangandan buyon 74 million nafar odam ushbu dardga chalinib, 33 million nafardan ortig‘i vafot etgan.

AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ishtirokida brifing tashkil etildi.  

Unda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV infeksiyasi epidemiyasiga barham berishni ko‘zda tutuvchi “95-95-95” strategiyasi doirasida 280 ming nafardan ortiq aholi ekspress test tahlilidan o‘tkazildi. Respublika byudjet mablag‘idan ekspress testlar xarid qilinib, tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga yetkazilib, 1 million nafardan ortiq aholi OIV infeksiyasiga tekshirildi.  

Qayd etilishicha, OIV bilan yashovchi shaxslarni davolash bilan qamrab olish darajasini 95 foizga yetkazish maqsadida davlat byudjeti, OITS, bezgak va silga qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma hisobidan retrovirusga qarshi dori vositalari, davolash jarayonini monitoring qilishda qo‘llaniladigan reagentlar, OIVga tekshiruvlar o‘tkazish uchun tasdiqlovchi test-sistemalar xarid qilindi. Natijada qariyb 42 ming nafar bemor retrovirusga qarshi terapiya bilan qamrab olindi. OITSga qarshi kurashishda OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini olib borish, real vaqt rejimida dori vositalari, test-tizimlari va boshqa vositalarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratilib, ishga tushirildi.  

Bugungi kunda mazkur axborot tizimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyasi bilan kasallangan bolalarga tayinlanadigan nafaqalar avtomatik tarzda belgilanib, ularning nafaqa olishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarga (hujjat to‘plash jarayoni) chek qo‘yildi.  

Adliya vazirligi FHDYO organlarining elektron axborot tizimi bilan integratsiya qilish orqali nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘riklari to‘g‘risida o‘zaro elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda axborot tizimini Ichki ishlar vazirligining elektron axborot tizimi bilan integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.  

Elektron axborot tizimi OIV aniqlangan bemorlarga oid personal ma’lumotlarning aniqligi, OIV aniqlangan bemorlarga oid personal ma’lumotlarning aniqligi, Shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi (himoyalangan serverda joylashgan) hamda hujjatlarni qog‘oz ko‘rinishida yuritishda vaqt sarflanmasligi kabi imkoniyatlarni beradi. Shuningdek, mazkur tizim orqali OIV bilan yashayotgan, vafot etgan hamda fuqarolikdan chiqib ketgan shaxslar to‘g‘risida real vaqt rejimida ma’lumotlarni olish mumkin.  

Onadan bolaga OIV infeksiyasining yuqishini oldini olish maqsadida homilador ayollarni OIV infeksiyasiga tekshirish 100 foizga qamrab olinmoqda. OIV aniqlangan holatda, homilador dispanser hisobiga olinib, retrovirusga qarshi dori vositalari berilmoqda.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA