Qish fasli –ish fasli
Surxondaryo serhosil ekin maydonlariga, yozu qishda ham dehqonchilik uchun qulay sharoitga ega viloyat. Dala-dashtiga xivichni qadab qo‘ysa, ko‘karib ketadigan betakror voha.
Mamlakatimizda tomorqa yer egalariga yaratilayotgan sharoitlar vohada issiqxonachilikni rivojlantirib, yilning to‘rt faslida ham bozorlarimizni yanada serfayz, arzon, dasturxonlarimizni to‘kin qilishga qulay muhit yaratdi. Sodda qilib aytganda, hovlisida mo‘’jazgina tomorqasi, arig‘ida suvi bor uddaburon dehqonning “ketmoni uchadigan” davr keldi.
Yaqinda yo‘limiz tushib, Sho‘rchi dehqon (oziq-ovqat) bozorini aylandik. Bozor endi uzilgan pomidor, bodring, bulg‘ar qalampiri, rediska va turli ko‘katlar bilan ko‘zimizga yanada fayzli ko‘rindi. Bundan olti-yetti yil avval qish chillasida bozordan faqat urug‘ini yoki quritilganini topishingiz mumkin bo‘lgan mahalliy bu noz-ne’matlar safiga mahalliy sharoitda yetishtirilgan qulupnay ham qo‘shilibdi.
– Qulupnay qayerniki? – so‘raymiz sotuvchidan.
– Sho‘rchiniki, desam ishonmasangiz kerak, – deydi nim tabassum bilan sotuvchi. – Chunki, avvallari qishda Sho‘rchida qulupnay parvarishlanmaganini bilsangiz kerak. Lekin bu o‘zimizning mahalladagi parnikda yetishtirilgan. Egasi sotib bering, deb ertalab tashlab ketgan edi. Oling, shugina qoldi. Arzonga beraman. Kilosi 60 ming so‘mdan...
Shu suhbat sabab bo‘lib, sho‘rchiliklarning issiqxonada sarxil mahsulotlar yetishtirishi, qulupnay parvarishlashi qay darajada ommalashayotgani bilan qiziqdik.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman aholisi 2,5 ming gektar maydondagi tomorqada dehqonchilik qiladi. Meva-uzum yetishtiradi. Poliz- sabzavot mahsulotlari, dukkakli ekinlar parvarishlaydi. Ayni paytda aholi tomorqasining 1 ming 600 gektarida issiqxona barpo etilgan. Qishda ham yozdagidek harorat bo‘ladigan issiqxonalarda pomidor, bodring, qulupnay va boshqa oziq-ovqat ekinlari parvarishlanadi. Ayniqsa, Kushon, Joyilma, Obodon, Saurtepa, Baxshtepa kabi mahallalarda qulupnaychilik yaxshi rivojlanmoqda. Tomorqadan unumli foydalanish, ko‘proq qo‘shimcha daromad topish, yanada to‘kin yashash uchun ilg‘or tajribalarni o‘rganib, amalda qo‘llash ajoyib an’anaga aylanmoqda. Shu paytgacha bahor va yoz oylarida ochiq dalada qulupnay parvarishlagan bo‘lsa, endilikda kuz va qish fasllari ham bozorga ajoyib rezavor, shirin ozuqa yetkazib berayotir.
Mutaxassislar faol shifobaxsh vosita sifatida ta’riflaydigan qulupnayni ishtaha ochadigan, hazm qilish faoliyatini me’yorlashtiradigan ne’mat, deya ulug‘laydi. Aytishlaricha, uning boshqa shifobaxsh xususiyatlari ham bo‘lib, xotirani yaxshilaydi. Ko‘rish qobiliyatini oshiradi. Yurakka foyda. Qonda qand miqdorini normallashtiradi. Tarkibidagi antioksidantlar organizmni erta qarishdan va jiddiy kasalliklardan himoya qiladi. C vitaminga boy. Saraton kasalligining oldini oladi. Yallig‘lanishni va allergiya bilan bog‘liq ayrim biokimyoviy reaksiyalarni bostiradi.
Demak, sho‘rchiliklar qishda ham qulupnay yetishtirib, oilaviy byudjetiga qo‘shimcha daromad olib kelish barobarida iste’molchilarga foydali, tabiiy, shifobaxsh meva ulashmoqda.
– Yoz fasli xonadonlarda qish va erta bahor uchun darmon bo‘ladi, deya qulupnay murabbosi tayyorlanar edi, – deydi Baxshtepa mahallasida yashaydigan Hikmatilla Allayorov. – Endi qishin-yozin bozorlarimizda serob bo‘lib qoldi. Ko‘nglingiz tusaganda shundoq bozorga chiqib, yangi uzilganini sotib olishingiz va iste’mol qilishingiz mumkin. Bu ham bo‘lsa, keyingi yillarda davlatimizning tomorqa yer egalari uchun yaratayotgan qulay sharoitlarning amaldagi samarasidir.
Sho‘rchi tumanidagi Kushon mahallasida yashaydigan Islom Jo‘rayev tomorqasida qulupnay parvarishlanayotganiga uch yil bo‘lmoqda. Dastlabki yil ikki sotix yerda qulupnay ekib, yaxshigina daromad topgan dehqon o‘tgan yili gidroponika usulida mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Yangi issiqxonada qulupnayning 2,5 ming tup menxiyang navini ekdi. Yangi yil arafasida pishib yetilgan mahsulot endilikda issiqxona sohibiga qo‘shimcha daromad keltirmoqda.
Saurtepa mahallasidagi tomorqalarning yettita issiqxonasida qulupnay parvarishlanadi. Besh sotix maydonda shiringina meva yetishtirayotgan Baxtiyor G‘ulomov ham bu soha hadisini oldi.
– Bir necha yil issiqxonamizga pomidor, bodring ekdik, – deydi Baxtiyor G‘ulomov. – Bu yil serdaromad qulupnay ko‘chatlarini qadadim. Mehnati kam, daromadi ko‘proq bo‘lgan qulupnay ko‘chatini bir marta eksangiz, uch yilgacha hosil olish mumkin. Hozir har besh kunda 9-10 kilo hosilni yig‘ib, bozorga olib chiqyapmiz. Qishda ham oilamizga yaxshigina daromad kelayotganidan xursandmiz.
Mamlakatimizda issiqxona tashkil etmoqchi bo‘lgan dehqonlarga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilayotgani shu paytgacha xorijda mehnat qilib yurgan ayrim yurtdoshlarimizni oila bag‘riga qaytarmoqda. Chetda ishlash bilan tomorqasida yil o‘n ikki oy mehnat qilishni toshu taroziga qo‘yib ko‘rayotgan ba’zi yurtdoshlarimiz issiqxonachilikni tanlayotir. Chunki, o‘z uyida, tag‘inam oilasi, qavmu qarindoshlari ko‘z o‘ngida oziq-ovqat ekinlarini parvarishlab, chet eldagidan kam daromad topmayapti.
Obodon mahallasida yashaydigan Ro‘ziboy Abdunazarov xorijda mehnat qilib, ro‘zg‘orini tebratib yurgan edi. O‘tgan yili yozda chet eldan qaytgach, to‘rt sotix tomorqasida issiqxona qurdi.
– Buning uchun tijorat bankining imtiyozli kreditidan foydalandim, – deydi Ro‘ziboy Abdunazarov. – O‘tgan yil sentyabr oyida issiqxonaga 1 ming 200 tup qulupnay ko‘chati qadadim. Yangi yil oldidan hosil pishib, yetildi. Pishgan qulupnayni terib, peshma¬pesh bozor rastalariga olib chiqyapmiz. Har besh kunda 5-6 kilo mevani 80-100 ming so‘mdan sotyapmiz. Bilasizmi, endi o‘zga davlatlardan topadigan mablag‘ni oilam, farzandlarim bag‘rida turib topyapman.
Ixchamgina issiqxona qurib, tomorqalardan oqilona foydalanishga qiziqish ortib borayotgani “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyili asosida ichki bozorni sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Qishda ham bozorlarimizga to‘kinlik, dasturxonlarimizga fayz ulashmoqda. Yerimiz tuganmas xazina, mo‘’jazgina tomorqa to‘kin turmush manbai ekanini amalda keng namoyon etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri