Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer – xalq mulki, uni asrash barchamizning burchimiz
19:02 / 2025-11-03

Yurtimizda yerga oid munosabatlarda shaffoflikni ta’minlash, adolat mezonlarini mustahkamlash va korrupsiya illatini batamom bartaraf etish yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda har bir qaror, tashabbus xalq manfaatiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 18 sentyabrdagi “Yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohada yangi davrni boshlab berdi.  

Qarorda birinchi navbatda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlarini maqsadsiz ishlatish, o‘zboshimchalik bilan egallash yoki noqonuniy qurilishlarning oldini olish bo‘yicha keskin choralar belgilandi.

– Endi har bir qarich yerning haqiqiy egasi – xalq bo‘ladi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Adham Mahmudov. – Yerga nisbatan mas’uliyatli munosabat, unumdorlikni oshirish va har bir gektardan foyda olish bu barchamizning vazifamizdir.

Qarorning eng muhim jihatlaridan biri davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni raqamlashtirish va avtomatlashtirish. Bu jarayonda markaziy o‘rinni “E-YER NAZORAT” axborot tizimi egallaydi.

Endilikda yer qonunchiligi buzilishi holatlari kosmik monitoring va aerofotosuratlar orqali aniqlanadi. Barcha ma’lumotlar onlayn tarzda qayd etilib, “E-YER NAZORAT” orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri “O‘zagroinspeksiya”ga yuboriladi.

Ushbu tizim inson omilini keskin kamaytiradi, korrupsiyaviy holatlarning oldini oladi va qaror qabul qilish jarayonini avtomatlashtiradi.

Inspeksiya faoliyati to‘liq raqamli asosda tashkil etiladi. Kosmik kuzatuv, dronlar, planshetli nazorat hamda QR-kod orqali hujjatlashtirish amaliyoti joriy etiladi. Qog‘ozbozlikka barham beriladi.

Qarorga muvofiq, “O‘zagroinspeksiya” qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish, ularni noqonuniy egallash holatlarini aniqlash va bartaraf etishda yetakchi nazorat organi sifatida belgilandi.

Endi yerga oid huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda inspeksiyaga yetib boradi va tegishli choralar faqat raqamli tizim orqali amalga oshiriladi.

Bu esa tizimda shaffoflikni, hisobdorlikni va tezkorlikni ta’minlaydi. Eng muhimi, har bir fermer va dehqon o‘z ishini tinch, qonuniy hamda adolatli sharoitda olib borishi uchun kafolat yaratadi.

Yangi mexanizmda jamoatchilik nazoratiga ham katta o‘rin berilgan. Har bir fuqaro noqonuniy qurilish, yerni talon-toroj qilish yoki qonunbuzilishi holatlari haqida xabar berishi mumkin bo‘ladi.

Qabul qilingan ushbu qaror xalqimizning yerga bo‘lgan haq-huquqini himoya qilish, sohaga intizom va shaffoflik olib kirish, eng muhimi. korrupsiya illatiga qarshi kurashda yangi bosqichni boshlab beradi.

Nilufar Bozorova, O‘zA