Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasida OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 5 avgustda qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasiga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida boshqarmaning huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash shu’basi mas’ul xodimi M.Suyunov ma’ruza qilib, mazkur qonunda bugungi kunda yerga egalik qilish bilan bog‘liq odamlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim sifatida kiritilgan moddalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, aksiya doirasida 2018 yil 1 mayga qadar uy-joy qurish orqali o‘zboshimcha egallangan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan ob’ektlarga, hujjatlarda ko‘rsatilganidan 2018 yil 1 mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan ob’ektlarga, oldingi aksiya doirasida huquqlar e’tirof etilishi yakuniga yetmagan ko‘chmas mulk ob’ektlariga qaratilgan. Shuningdek, 2021 yil 8 iyunga qadar ajratilgan, biroq yer ajratish qarori tasdiqlanmagan yer uchastkasiga, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar joylashgan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar hamda inshootlar egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar e’tirof etiladi.

Natijada fuqarolar va tadbirkorlarning mulklari qonuniylashtiriladi, kredit uchun ta’minot predmeti paydo bo‘ladi, bozorda qonuniy kapital aylanmasi paydo bo‘ladi. Hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq hujjatlarni ishlab chiqishdagi muammolar kamayadi, fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy nizolar, shu jumladan, meros bilan bog‘liq nizolarga yechim topiladi, noqonuniy qurilmalarni aniqlash, buzish, sudlashishga ortiqcha resurslar sarflanishining oldi olinadi.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach ya’ni joriy yilning noyabr oyidan kuchga kiradi va 2028 yilning 1 yanvariga qadar amal qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri