Kechagina ko‘rganda ko‘ngilni g‘ashlantiradigan manzillar obod go‘shalarga aylanayotgani kishini quvontiradi. Aynan O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi tantanalari oldidan Toshkent metropolitenida beqiyos darajadagi yangilik yuz berdi. Ilk marta yerusti metrosi harakatga tushdi.
Bu yangilik Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida ilk bora O‘zbekistonda amalga oshirildi.
Aynan yerusti metrosidagi estakadalarning tashqi tuzilishidan tortib, bekatlarning tashqi va ichki ko‘rinishlarida ham milliyligimiz aks etganligini quvonch bilan aytish mumkin.
«Do‘stlik-2 – Qo‘yliq» yo‘nalishi uzunligi 11,5 kilometr. Bu liniyadagi har bir bekat milliy me’moriy uslublarimizga rioya qilingan holda bezalgan, na ko‘rinishi va na bezaklari bilan bir-birini sira takrorlamaydi.
Yerusti metrosining qanday qulayliklari bor? Avvalo ortiqcha sarf-xarajatlarga hojat qolmaydi, aholining qimmatli vaqti tejalishiga sabab bo‘ladi, tirbandlikning oldi olinadi.
Ta’kidlash kerakki, yerusti metrosida xavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlar va poyezd ichidagi tablolar uch tilda berilgan. Bu ko‘p millatli mamlakatimiz aholisi va chet ellik sayyohlarga ham qulaylik tug‘diradi hamda xalqaro talablarga mos keladi. Poyezd harakatlanayotganda kishiga yoqmaydigan shovqin eshitilmaydi. Eshiklar ochilishi va yopilishi chog‘ida qizil va yashil rangli maxsus chiroq belgi berib, yo‘lovchilarni ogohlikka chaqirib turadi.
Yerusti metrosining muhtashamligiga putur yetkazmaslik hamisha fuqarolarimizning diqqat-e’tiborida bo‘lishi kerak. Chunki bunday yirik loyiha faqat bugunga emas, kelajak avlodlarga ham xizmat qilishi zarur. Qolaversa, fuqarolarimiz va xorijlik sayyohlarning tinchligi, osoyishtaligini asrash bizning burchimizdir.
O‘z tanlagan kasbimizga sodiq, ona O‘zbekistonimizning chinakam qo‘riqchisi sifatida mas’uliyat bilan vijdonan xizmat qilish vazifamizdir.
Bekzodbek Islombekov
Toshkent metropoliteni xavfsizlikni
ta’minlash boshqarmasi xodimi, kapitan