Yer usti metropolitenida harakatlanuvchi zamonaviy poyezdlarning taqdimoti oʻtkazildi
Bugun Toshkent temir yoʻl vokzalida poytaxtimizda barpo etilayotgan yer usti metropolitenida harakatlanuvchi zamonaviy poyezdlarning tantanali taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Bugun Toshkent temir yoʻl vokzalida poytaxtimizda barpo etilayotgan yer usti metropolitenida harakatlanuvchi zamonaviy poyezdlarning tantanali taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va Rossiyaning “Metrovagonmash” AJ oʻrtasida Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun harakatlanuvchi har biri 4 vagondan iborat 5 ta metro poyezdini xarid qilish boʻyicha shartnoma imzolangan edi. Shartnomaga koʻra, Rossiyaning “Transmashxolding” kompaniyasi Toshkent metrosi uchun 81-765.5/766.5/767.5 modelidagi 5 ta poyezd tarkibini yetkazib berdi.
81-765/766/767 seriyadagi metro vagonlari yangi texnik yechimlarga ega boʻlib, elektr energiyasini 35 foizgacha tejaydi, uchinchi avloddagi sinxron tortuvchi dvigatelning qoʻllanilishi ekspluatatsiya xarajatlarini 40 foizgacha qisqartiradi. Yangi vagonlarning yana bir qator texnik imkoniyatlari va afzalliklariga ega.
Vagonlar orasidagi germetik “garmoshka” koʻrinishidagi oʻtish joylari yoʻlovchilar uchun poyezdning boshdan oxirigacha oʻtish imkonini beradi va bu bilan harakat tarkibining sigʻimini oshiradi.
Yoʻlovchilar saloniga toʻrt tomondan avtomatik va ikki qavatli eshiklar oʻrnatilgan. Eshiklar 12 foizga kengaytirilgani yoʻlovchilarning tasodifan qisilib qolishi oldini oladi.
Salondagi konditsioner isitish va shamollatishni taʼminlab turadi. Shuningdek, shiftda maxsus himoya qutilari ichida joylashgan va havoni ultrabinafsha lampalar yordamida zararsizlantirish tizimi qoʻllanilgan.
Har bir vagon telekanallar translyatsiyasi imkoni bilan birga yoʻlovchilarga zamonaviy maʼlumot uzatish tizimi bilan taʼminlangan. Sostav vagonlari videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan, har bir vagonda shift kameralari, shuningdek, shoshilinch aloqa bloklari ustida ham kameralar bor, yongʻinni avtomatik payqash va oʻchirish tizimi ham mavjud.
Bundan tashqari, mashinist kabinasida yoʻllar hamda harakatlanuvchi sostav vagonlari eshiklarini nazorat qiluvchi videokuzatuv tizimi monitori joylashgan.