Yurtimizda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosildorlikka erishish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va uning tasarrufidagi tashkilotlar xodimlariga katta mas’uliyat yuklatilgan. Bugungi kunda yer maydonlarida tuproq tahlillarini o‘tkazish, harakatchan fosfor, almashinuvchan kaliy va chirindi, ya’ni gumus miqdorini, sho‘rlanish darajasini aniqlash va shunga asosan yerning mavjud ozuqa elementlari bilan ta’minlanganligi darajasiga qarab qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun mineral o‘g‘itlarni ilmiy asoslangan talablar va oziqlantirish me’yorlari bo‘yicha yer maydonlariga berilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Chunki kimyoviy vositalar va mineral o‘g‘itlarni pala-partish ishlatish yerlar unumdorligining pasayishiga, tuproq tarkibida zaharli kimyoviy qoldiqlarning atrof-muhit ifloslanishiga va aholi sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
– Markazimiz tomonidan 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida 25 ming gektar maydonda agrokimyoviy tahlil ishlari olib borildi, – deydi Navoiy viloyat agrokimyoviy tahlil markazi direktori Gulira’no Xudoyqulova. – Namunalar markaz laboratoriyasida tahlillardan o‘tkazilib, agrokimyoviy kartogrammalar tayyorlandi va “UZAGROLAB” elektron platformasiga kiritildi.

Elektron platformada yerdagi mavjud mikro elementlar miqdori, yerning har bir konturiga beriladigan mineral va mahalliy o‘g‘itlarning ilmiy talabi, ta’minlanganlik darajasi, tekshirilgan maydonga nisbatan o‘rtacha qiymati, bir sentner uchun o‘rtacha sarfi, ilmiy talab hamda fermer xo‘jaligining jami maydonga talab etiladigan mineral va mahalliy o‘g‘itlar hisob kitoblari aks ettirilgan. Shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari yer maydonlarida turib, yer haqida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.
O‘tkazilgan dala kuzatuv tajribalariga ko‘ra, o‘rta tolali paxta navlaridan 1 tonna paxta hosili olish uchun tuproqdan 60 kg azot, 20 kg fosfor, 50-60 kg kaliy o‘zlashtirilishi aniqlangan. Azotli o‘g‘itlarning 20 foizi chigit ekishga qadar, 5 foizi fosforli o‘g‘it bilan birga ekish vaqtida, qolgan qismi 1-3 oziqlantirish davrida azot, kaliy va fosforli o‘g‘it bilan birga beriladi.
Fosforli o‘g‘itlarning yillik me’yorining 60 foizi kuzgi shudgorlashdan oldin, sho‘ri yuviladigan maydonlarga esa bahorda yerni ekishdan oldin yumshatish paytida solinadi. Fosforning qolgan qismi ekish vaqtida va g‘o‘zaning gullash davrida azot bilan birga qo‘llanilishi samara beradi.
Albatta, bu kabi tadbirlarning o‘z vaqtida olib borilishi va me’yorida qo‘llanilishi qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi oshishi va olinadigan daromad miqdorining ko‘payishiga olib keladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA