Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer uchastkasini xususiylashtirib olgan fuqaro xususiy mulk egasiga aylanadi
15:02 / 2022-10-15

Termiz shahridagi Matbuot uyida Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasining joriy yil 9 oyi davomida amalga oshirgan ishlari hamda sohadagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etgan anjumanda Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i S.Shaymardanov keyingi yillarda mamlakatimizda yer munosabatlarini tartibga solish va ko‘chmas mulklarni hisobga olib, davlat ro‘yxatini yuritishda yuz bergan yangilanishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Joriy yilning o‘tgan davrida sohada amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.  

Qayd etildiki, Prezidentimizning 2016 yil 3 avgustdagi “Jahon banki ishtirokida “Ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish va kadastr tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan UzKAD dasturi ishlab chiqilib yer maydonlarini onlayn hisobga olish joriy etildi.  

Ochiq portalda 632 gektar hamda ochiq auksionda egalik qilingan 5 ming 278 gektar dehqon xo‘jaligi, 386 ming 723 gektar fermer xo‘jaligi, 542 ming 598 gektar ipak va jun sanoati, 115 ming 795 gektar qishloq xo‘jaligi korxonalari, 325 ming 852 gektar o‘rmon xo‘jaligi, 2 ming 300 gektar qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va o‘quv-tajriba xo‘jaliklari yerlari, 6 ming 609 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlar, 8 ming 760 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan maydonlar, 42,5 gektar yakka tartibda bog‘dorchilik, sabzavotchilik, issiqxona va chorvachilikni yurituvchi fuqarolarning yerlari, 14 ming 424 gektar yordamchi qishloq xo‘jaligi hamda 34 ming 3 gektar zaxiradagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ro‘yxatga olindi.

Shuningdek, to‘rtta tumandagi xalqaro ahamiyatga ega 260,2 gektarga teng avtomobil yo‘llari, ikkita tumandagi 18 ta ariq, zovur, kollektorlar egallagan 98,7 gektar yer maydoni, 23 ming 805 gektar davlat qo‘riqxona yerlari, 177 ming 320 gektar davlat zaxira yerlari davlat hisobiga olinib, elektron tizimga kiritildi.

Viloyatda ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalasida 44 mingta murojaat kelib tushgan. Ularning 731 tasi davlat xizmatlari markazi tomonidan bekor qilingan. 9 ming 481 tasi rad etilgan. 191 tasi ko‘rib chiqish va 2 ming 616 tasi to‘lov jarayonida. 31 ming 103 tasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

–Yangi tartibga ko‘ra, endilikda yer maydonlari fuqarolarga ham, tadbirkorlarga ham faqat ochiq auksion orqali beriladi,–dedi Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i S.Shaymardanov. – Bu yerga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib, yerlarni g‘ayriqonuniy ajratish, o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi holatlarga chek qo‘ydi. Ikkinchidan, tadbirkorlik subektlari va aholiga yer uchastkalarini xususiylashtirib olish imkoniyati ham yaratildi. Ya’ni, yer uchastkasini xususiylashtirib olgan fuqaro xususiy mulk egasiga aylanadi. Chunki, xususiylashtirib olingan yer maydoniga egalik huquqini tasdiqlaydigan order beriladi. Uni kredit mablag‘i olish uchun garovga ham qo‘yish mumkin. Yer uchastkasini xususiylashtirib olish maqsadida hozirgacha 2 ming 548 murojaat kelib tushdi. Ularning 2 ming 3 tasi rad qilinib, 520 tasi hal etildi. 25 tasi ko‘rib chiqilmoqda.  

Matbuot anjumanida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va kadastr pasportini shakllantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.  

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA