Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallash bilan bog‘liq 15 mingdan ortiq holat aniqlandi
13:11 / 2025-05-30

Kadastr agentligi tomonidan 2025 yil 1 may holatiga respublika bo‘yicha yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallash bilan bog‘liq 15 ming 826 ta yoki 872,9 gektar holat aniqlandi.

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Kadastr agentligi matbuot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratov ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Agentlik organlari tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 10 ming 41 ta holatda 447,1 gektar maydondagi qonunbuzilishlarning ixtiyoriy bartaraf etilishi ta’minlandi. 

Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan egallangan maydonlarni qaytarish, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish haqida sudlarga 2 ming 814 ta da’vo arizalari kiritildi. Yerga oid qonun buzilishi holatlari har doim ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. Shunday holatlar borki, ularda yer bilan bog‘liq jinoyat alomatlari kuzatiladi. 

Misol uchun, sug‘oriladigan yerni o‘zboshimchalik bilan egallab, unda qurilish qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangan (JK 2291-moddasi, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin). Yoki sug‘oriladigan yerni sotish yoki uni qonunga xilof tarzda o‘zgaga berish uchun ham jinoiy javobgarlik belgilangan. Agar, ushbu harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llaniladi (JK 2296-moddasi). 

Yuqoridagi kabi yerga oid qonun buzilishi holatlarida jinoyat alomatlari kuzatilgan 384 ta ish hujjatlari o‘rnatilgan tartibda prokuratura organlariga yuborildi. 

Qayd etilishicha, olib borilgan nazorat tadbirlarida 11 ming 873 nafar shaxsga ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rildi. Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari bor, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari bor. Bu ikkala tushunchani bir-biridan farqlab olish kerak. 

Yana bir ma’lumot, joriy yilda respublika bo‘yicha yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish bilan bog‘liq 2 ming 392 ta (5 830,2 gektar) holat aniqlanib, 2 ming 389 ta (5 830,1 gektar) holat yuzasidan hokimliklarga taqdimnomalar kiritildi, 3 ta holatda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish yuzasidan sudlarga murojaat qilindi. 

Natijada, 5 ming 318,8 gektar maqsadsiz foydalanilgan yerlar zaxiraga qaytarilishi ta’minlandi. 

Joriy yilning 1 may holatiga yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallagan 9 ming 292 ta holat fuqarolar tomonidan belgilangan muddatda ixtiyoriy bartaraf etilganligi sababli, fuqarolar jami 104,5 mlrd. so‘mdan ortiq ma’muriy jarimadan ozod etildi. 

Hozirda respublikamizning barcha hududlarida O‘RQ-937 Qonun doirasida xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Qonunga ko‘ra 2018 yil 1 mayga qadar huquqiy hujjatsiz (yoki hujjatdan ortiqcha) yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, yakka tartibda qurilgan turar joylarga egalik huquqini berish nazarda tutilgan.

Mazkur Qonunda belgilangan, ya’ni 2018 yil 1 maydan keyin huquqiy hujjatsiz, o‘zboshimcha qurilgan qurilmalar bo‘yicha Kadastr agentligi tomonidan Davlat yer va kadastr nazorati tadbirlari olib borilmoqda. Ya’ni 2018 yil 1 maydan keyin qurilgan qurilmalar “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik ma’lumotlar yordamida aniqlanadi va ko‘rib chiqish uchun Kadastr agentligining “Yer-yer nazorat” tizimiga yuboriladi. 

Sh.Mamaturopova, O‘zA