Yer uchastkalarini xususiylashtirish ularga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olish orqali amalga oshiriladi.
Bunda fuqarolar joylardagi Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza berishlari lozim bo‘ladi. Biroq oxirgi paytlarda aholining shu masalalarda yetarlicha bilim va tajribaga ega emasligi holatlari ham uchrayapti. Tahlillarga ko‘ra, hozirgacha Davlat kadastr palatasining Toshkent viloyati boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslardan yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha jami 2 ming 746 ta ariza kelib tushgan. Shundan 855 ta arizaga ijobiy xulosa berilgan va mazkur yer uchastkalari xususiylashtirilgan. Shu bilan birga 1876 ta ariza rad etilgan, 15 ta ariza esa hozirda jarayonda qolmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, arizalarning rad etilish sabablari asosan yerga bo‘lgan huquqni mavjud emasligi, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni xususiylashtirish masalasi, davlat orderi asosida (kottedj tipidagi) uylar (kvartiralar) egalari va muhofaza zonalarida joylashgan ob’ektlar bo‘lmoqda.
A.MUSAEV,O‘zA.