Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasiga ko‘ra, tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Jumladan, yerdan, suvdan, o‘simlik yoki hayvonot dunyosidan o‘zboshimchalik bilan foydalanish yoxud yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlar sodir etish, tabiatdan maxsus foydalanish huquqini boshqalarga berish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa, yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa, to‘rt yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa va o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Toshkent shahar Sergeli tumanida fuqaro T.J. mazkur moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Shu sababli, Sergeli tumani kadastr idorasining qaroriga asosan, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalangani sababli unga 26,2 million so‘mdan ziyodroq ma’muriy jarima solingan.
Mazkur ishga oid ijro hujjati bo‘yicha “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun asosida ish olib borilgan. 5 kunlik muddatda jarima to‘lanmasa, majburiy ijro harakatlari olib borilishi tushuntirilgan.
Ogohlantirishga qaramay, fuqaro qonun talabini bajarmagan. Shundan keyin majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi, ya’ni qarzdorlik javobgarning mablag‘i, mol-mulkiga qaratildi.
Natijada davlat foydasiga belgilangan ma’muriy jarima to‘liq undirildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor fuqaro K.X.dan Mirobod tumani soliq inspeksiyasi foydasiga 32 million so‘mdan ziyod soliq qarzlari undirildi.
Bu holatda qarzdorga qarz summalarini undirish uchun 5 kunlik ixtiyoriy muddat berildi. Qarzdorlik qoplanmagan taqdirda majburiy ijro harakatlari olib borilishi tushuntirildi.
Qonun talabini bajarmaslikning oqibatini tushungan qarzdor ijro harakatlari davomida qarzlarini to‘lashga majbur bo‘ldi.
N.Abduraimova,
O‘zA