Yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, turli sabablarga ko‘ra to‘la-to‘kis qonuniy hujjatlarga ega bo‘lmagan holda qurilgan uy-joylar va yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqini ta’minlashda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu hujjatda yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa, barcha hududlarda 0,24 gektardan, 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 mayga qadar egallangan bo‘lsa, Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmaydigan hajmda belgilangan.

Qonunga muvofiq, hududlarda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich inventarizatsiya qilish har yilgi reja-jadval asosida amalga oshiriladi. Shuni qayd etish lozimki, qonundagi imtiyozlar 2028 yilning 1 yanvarida yakunlanadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi hamda Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida mazkur qonunning ijrosini Andijon viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar agentligi, Energetika vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ushbu qonun ijrosi yuzasidan vazirlik va idoralarning axborotlari tinglandi.
Axborotlarda qayd etilganidek, 2025 yil 16 sentyabr holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha 680 mingdan ortiq ob’ekt xatlovdan o‘tkazilgan. Shundan 280 mingga yaqin ob’ekt avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan. 9 ming 89 ta ob’ektga nisbatan huquqlar e’tirof etilgan bo‘lsa, 5 ming 50 tasi rad etilgan. 1 ming 700 dan ortiq ob’ekt esa xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqilmoqda.
Eshituvda Andijon viloyatida qonun ijrosini ta’minlashda qator tizimli muammolar borligi aytib o‘tildi. Xususan, “E’tirof” axborot tizimida ma’lumotlarni kelishish jarayoni uzoq vaqtni talab qilishi, himoya zonasiga tushgan yerlarning umumiy maydoni rad etilayotgani, kosmik suratlarning yetarli emasligi, aholi uchun ortiqcha tashkiliy qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani qayd etildi. Shuningdek, ayrim hududlarda xatlov ishlari reja asosida bajarilmayapti, soliq miqdorining yuqoriligi aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Muhokamalarda himoya zonasiga tushgan yer uchastkalari va bino-inshootlarga huquqlarni e’tirof etish masalalarida yagona me’yoriy yondashuv mavjud emasligi, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda turli xil holatlar kuzatilayotgani nafaqat Andijon, balki boshqa hududlarga ham xos muammolar ekani alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, huquqlarni e’tirof etish jarayonida qo‘shimcha to‘lovlar va soliq qarzdorligi masalasi aholi uchun og‘irlik qilayotgani aytilib, soliq yukini qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Deputatlar mutasaddilarga huquqlarni e’tirof etish jarayonida byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, “E’tirof” axborot tizimini takomillashtirish, hududlardagi muammolarni markaziy organlar darajasida hal etish lozimligini ta’kidladilar va qator takliflar berdilar.
Muhtarama Komilova,
O‘zA