2022 yil 1 apreldan boshlab mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha shahar hokimining yordamchilari tomonidan o‘z hududlarida bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti yoki yer uchastkalari aniqlangan hollarda ular hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘lganda – hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 23 martda qabul qilingan «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yildi.
Mazkur hujjatga asosan, endilikda hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan tushgan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkaziladigan qismi chegirilgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga hamda ob’ekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘lganda – “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma uch kun muddatda tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan taqdirda, ikki hafta muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
2022 yil 1 iyulga qadar “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimida idoralararo kelishuvda turgan yer uchastkalari joriy yil yakuniga qadar bo‘sh yer uchastkalarini qo‘shimcha ravishda aniqlagan holda ularning belgilangan tartibda mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
O‘zA