Jizzax viloyatida yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etilib, aybdorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
...Maktabda o‘quvchilik davrimizda adabiyot fani darsligining bir necha soati yozuvchi Musa Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning “Qutlug‘ qon” romaniga bag‘ishlanib, muallimimiz bizni har birimizga romandagi obrazlar so‘zlarini yodlab kelishni uy vazifasi qilib berib, keyingi darsda yoddan o‘qitardi.
O‘shanda menga Mirzakarimboy obrazining so‘zlarini yoddan o‘qish buyurilgandi. Ehtimol shundanmi, uning jiyani Yo‘lchini bir parcha yerini sotib yuborganini eshitgan boyning aytgan: “Chakki bo‘libdi, jiyan. Yer sotgan er bo‘lmaydi, er yigit yer sotmaydi. Mana bu gapning mag‘zini chaq..,” degan so‘zlari kimningdir yer sotganini eshitsam yo matbuotda o‘qib qolsam, nuqul yodimga tushadi. Mirzakarimboy ko‘z o‘ngimda gavdalanaveradi.
To‘g‘ri, ustoz Oybekning asarida gap o‘ziga tegishli yerini, ya’ni tomorqasini sotish haqida aytilgan. Ammo davlatning yerini, xuddi katta otasidan qolgan mulkdek sotib, yashirin daromad qilmoqchi bo‘lgan kimsa, o‘z yerini sotganda-da jirkanchroq ishni amalga oshirgan bo‘lmaydimi?!.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh qilindi.
“Shaytonning ming bir firib” kitobini o‘qiyverib yod qilib yuborgan viloyat qurilish bosh boshqarmasi nazorat bo‘yicha inspektori Shapaqboy Damaqboyev (maqoladagi personajlarning ismi-sharifi o‘zgartirildi) yaqinda tanishganlariga qaramay “qadrdon” bo‘lib ketgan G‘anijon hamda Ravshanjonlarning ishonchiga kirib, ularga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun parrandachilik kompleksi qurishda tanishlari orqali 22 ming AQSH dollari evaziga Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani hududidan yer maydoni olib berishni va’da qiladi.
Kelishuv puldanda qimmat, deganlaridek, har qanday shartnomada, garchand u og‘zaki bo‘lsada oldindan to‘lovi bo‘lishi tabiiy hol, albatta. Shapaqboyga o‘xshagan ustasi faranglar esa bunaqangi vaziyatda o‘zini “suvga tushgan baliqdek” his qilishi shubhasiz. Shu sababdan G‘anijon va Ravshanjonlarga avvaldan har biri 5 mingdan 10 ming AQSH dollarini avans sifatida berishi lozimligini aytadi.
Shu arzimagan 10 ming dollarni olayotgan paytida Shapaqboyning firibidan xabar topgan tegishli organlar xodimlari uni shu pullarni olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlab, qo‘llariga kishan soldi.
Ha, mulla Shapaqboy siz shoxida yursangiz, huquq-tartibot idoralari xodimlari bargida yuradi. Dono xalqimiz, o‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan, deb bejizga aytmagan. Hukumat yerini, firib yo‘li bilan sotmoqchi bo‘lib, amaldagi qonunlarimizni buzdingizmi, endi ana shu qonun oldida javob berishingizga to‘g‘ri keladi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (poraxo‘rlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA