O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Mazkur qarorga muvofiq:
a) yer uchastkalaridan samarali foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yish, yerlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar talon-toroj qilinishining oldi olish uchun sohaga axborot texnologiyalari keng joriy qilinadi, raqamlashtirish jarayonlari jadallashtiriladi;
b) yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash hamda bunday yerlarda noqonuniy qurilmalar qurishning oldini olish borasida raqamli texnologiyalar orqali yagona nazorat tizimi joriy etiladi hamda vakolatli idoralar o‘rtasida hamkorlik yanada kuchaytiriladi;
v) yerlardan samarali foydalanish, ular o‘zboshimchalik bilan egallab olinishining oldini olish mexanizmlari takomillashtiriladi.
Davlat yer nazorati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
"E-YER NAZORAT" avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yer munosabatlariga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritish va huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish uchun Kadastr agentligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, "O‘zagroinspeksiya", Ekologiya vazirligi, Qurilish vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, Majburiy ijro byurosi va ularning hududiy bo‘linmalari hamda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’ul hisoblanadi.
Kadastr agentligining "E-YER NAZORAT" tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi hisoblanadi.
2026 yil 1 yanvar sanasidan boshlab maxsus vakolatli davlat organlarining yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish holatlarini barvaqt aniqlash, ularga tegishli choralar ko‘rishga oid vazifa va funksiyalari faqatgina "E-YER NAZORAT" tizimi orqali amalga oshiriladi.
Kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali aniqlangan yerga oid qonunbuzarlik ehtimoli yuqori bo‘lgan holatlar bo‘yicha ma’lumotlar "Raqamli hukumat" tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali "E-YER NAZORAT" tizimiga yuboriladi.
"O‘zbekkosmos" agentligi davlat kosmik monitoringini amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan loyihalar doirasida yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, bunday yerlarda noqonuniy qurilmalar qurish holatlarini bir yilda ikki marotaba Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan aerokosmik monitoring orqali aniqlaydi.
Yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish bilan bog‘liq huquqbuzarlik darajasiga qarab quyidagicha hududlarga bo‘linadi:
a) "qizil" toifadagi hudud - yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish ehtimoli yuqori hududlar;
b) "sariq" toifadagi hudud - yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish ehtimoli o‘rta hududlar;
v) "yashil" toifadagi hudud - yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarni qurish ehtimoli past hududlar.
"Qizil" toifadagi hududlarda maxsus dronlardan foydalangan holda har chorakda kamida bir marotaba, "sariq" toifadagi hududlarda maxsus samolyot yordamida har olti oyda kamida bir marotaba monitoring kuzatuvlari olib boriladi.
O‘zA