Bag‘dod. Milodiy 830 yillar atrofi. Quyosh tig‘idan qumlar qizigan pallada, xalifa Ma’mun saroyining salqin xonalaridan birida insoniyat tarixidagi eng ulkan ilmiy jasoratlardan biriga poydevor qo‘yilmoqda edi.
O‘z davrining qudratli hukmdori olimlar oldiga aql bovar qilmas vazifani qo‘ydi: “Menga Yerning suratini chizib beringlar!”. Bu shunchaki rasm emas, balki matematik aniqlikka asoslangan, har bir shahar, tog‘ va dengizning joylashuvi qat’iy hisoblangan ulkan loyiha bo‘lishi kerak edi. O‘sha davrda, hali samolyotlar va sun’iy yo‘ldoshlar tugul, oddiy kompas ham keng tarqalmagan bir zamonda, bu buyruqni bajarish imkonsizdek tuyulardi. Ammo “Bayt al-Hikma” – Donishmandlar uyining olimlari bu ishni uddalashdi. Ular orasida keyinchalik butun dunyo ilm-fanini o‘zgartirib yuborgan siymo – Muhammad Xorazmiy ham bor edi.
Abbosiylar sulolasining yettinchi xalifasi Abdulloh Ma’mun (hukmronligi 813–833 yillar) nafaqat davlat boshqaruvchisi, balki ilm-fanning chinakam homiysi va bilimdoni edi. Uning davrida Bag‘dod shahri Sharqning “aql o‘chog‘i”ga aylandi. Xalifa o‘z saroyida qadimgi yunon, hind va fors qo‘lyozmalarini to‘plab, ularni arab tiliga o‘girish uchun maxsus tarjimonlar guruhini tuzgandi. Bu harakat shunchaki kutubxona tashkil etish emas, balki o‘tmish sivilizatsiyalarining bilimini tiriltirishga qaratilgan ulkan tadbir edi.
Ma’munning eng katta orzularidan biri Klavdiy Ptolemeyning “Geografiya” asaridagi ma’lumotlarni yangilash va to‘ldirish edi. Yunon olimi Ptolemey o‘z davrida dunyo xaritasini tuzgan bo‘lsa-da, oradan o‘tgan asrlar davomida ko‘plab shaharlar paydo bo‘lgan, chegaralar o‘zgargan va hisob-kitoblar eskirgan edi. Xalifa bu vazifani bajarish uchun “Bayt al-Hikma”ning eng yetuk astronom va geograflarini jalb qildi. Ushbu ilmiy guruhga vatandoshimiz, algebra fanining asoschisi Muhammad Xorazmiy rahbarlik qilgan.
Xorazmiyning “Kitobu surat al-arz” (Yerning surati kitobi) asari aynan shu davrda, taxminan 836–847 yillar oralig‘ida dunyoga keldi. Bu asar shunchaki quruq tavsif emas, balki raqamlar va koordinatalarning mukammal tizimi edi. Kitobda 537 ta muhim geografik ob’ekt – shaharlar, tog‘lar, dengizlar va daryolarning aniq koordinatalari (uzunlik va kenglik darajalari) keltirilgan. Tasavvur qiling, ular har bir nuqtani Yetti iqlim tizimi bo‘yicha joylashtirib chiqishgan.
Olimlar ishni “Rub’i maskun” – Yerning odamlar yashaydigan obod choragini o‘rganishdan boshladilar. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, bu hudud g‘arbda “Saodat orollari”dan (Kanar orollari) boshlanib, sharqda 180 daraja uzunlikkacha, janubda ekvatordan shimolda 63 daraja kenglikkacha cho‘zilgan edi. Bu ulkan hududni qog‘ozga tushirish uchun ular astronomik kuzatuvlardan foydalandilar. Qizig‘i shundaki, Xorazmiy va uning safdoshlari boshlang‘ich meridian (nol darajali uzunlik) sifatida “Saodat orollari”ni belgilashgan, bu esa keyinchalik G‘arb xaritashunosligiga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Mazkur loyihaning murakkabligi shunda ediki, ular faqat mavjud ma’lumotlarni ko‘chirish bilan cheklanmadilar. Xalifa Ma’mun olimlari Sinjor sahrosida va Kufa yaqinida Yer meridianining bir darajasi uzunligini o‘lchash uchun maxsus ekspeditsiyalar tashkil etishdi. Ular quyoshning balandligini o‘lchab, shimolga va janubga qarab yurib, burchak kattaligi o‘zgarishini qayd etishdi. Natijada, Yer aylanasining uzunligini hayratlanarli aniqlikda hisoblab chiqishdi.
Xorazmiy kitobida shaharlar ro‘yxati iqlimlar bo‘yicha tartiblangan edi. Masalan, beshinchi iqlim jadvalida Saraxs, Marv, Buxoro va Balx kabi shaharlarning koordinatalari berilgan. Buxoroni 87 daraja-yu 20 daqiqa uzunlik va 37 daraja-yu 50 daqiqa kenglikda deb ko‘rsatish, o‘sha davr uchun yuksak matematik madaniyatdan darak beradi. Tog‘lar jadvalida esa tizmalarning nafaqat boshlanish va tugash nuqtalari, balki ularning rangi va yo‘nalishi ham tasvirlangan. Bugungi kunda biz foydalanadigan GIS (Geografik axborot tizimlari)ning ibtidoiy, ammo mukammal ko‘rinishi edi bu.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Xorazmiyning “Surat al-arz” asari shunchaki ilmiy matn emas, balki xaritalar to‘plami – Atlasning izohli qismi bo‘lgan degan taxminlar mavjud. Xalifa Ma’munning “Dunyo xaritasi” (Ma’mun xaritasi) deb nomlangan buyuk chizmasi aslida Xorazmiy va uning jamoasi mehnatining mahsuli edi. Bu xaritada Nil daryosining manbasi, Hind okeanining (Fors dengizi) tuzilishi va Yevrosiyo qit’asining qiyofasi o‘sha davr tushunchalariga ko‘ra eng to‘g‘ri shaklda aks ettirilgandi.
Ammo bu tarixning eng hayratlanarli nuqtasi shundaki, “Ma’mun akademiyasi” olimlari Yerning sharsimonligini shubhasiz haqiqat deb qabul qilishgan. Yevropada bu davrda hali ham “Yer tekis” degan qarashlar mavjud bo‘lgan bir paytda, Bag‘doddagi olimlar globus yasash va Yerning egriligini hisobga olgan holda masofalarni o‘lchash bilan band edilar. Xorazmiyning asari keyinchalik G‘arbda geografiya fanining qayta uyg‘onishiga turtki berdi. Ular Ptolemeyning xatolarini ko‘r-ko‘rona takrorlamay, balki o‘z kuzatuvlari orqali tuzatish kiritdilar. Masalan, O‘rta Yer dengizining uzunligini Ptolemey haddan tashqari cho‘zib yuborgan bo‘lsa, Xorazmiy uni ancha qisqartirib, haqiqatga yaqinlashtirdi.
Muhammad Xorazmiy va uning safdoshlari tomonidan amalga oshirilgan bu ish shunchaki xaritashunoslik emasdi. Bu – insoniyatning o‘z uyini, ya’ni sayyoramizni anglash yo‘lidagi ulkan qadami edi. Xalifa Ma’munning buyrug‘i va Xorazmiyning zakovati birlashib, qum barxanlari orasidan koinotga qadar cho‘zilgan ko‘zga ko‘rinmas narvonni yaratdi. Biz bugun foydalanayotgan koordinatalar tizimi, joylashuvni aniqlash usullari va geografiyaning matematik asoslari o‘sha “Bayt al-Hikma”ning xonalarida, sham yorug‘ida tunlarni tongga ulagan bobokalonlarimizning zahmatli mehnati samarasidir.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA