Nurota tumanida yashovchi N.T. «J.B.» fermer xo‘jaligi rahbari Y.N. bilan o‘zaro til biriktirib, xo‘jalikning 80 gektar yer maydonini fuqaro M.X.ga 1 milliard so‘mga sotishga kelishgan.
Shundan 700 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan oldindan olgan vaqtda Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIVning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa Nurota tumanida yashovchi Z.X. «M.B.» oilaviy korxonasi rahbari B.M. bilan yer sotmoqchi bo‘layotganda ushlandi.
Ular o‘zaro til biriktirib, ushbu korxonaga qarashli 16 gektar yer maydoni bilan birga davlat zaxirasidan yana 16 gektar yer maydonini fuqaro T.K.ga 30 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 15 ming AQSH dollarini olgan.
Departament hamda DXXning Izboskan tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.U. «U.M.» bog‘dorchilik fermer xo‘jaligiga qarashli 0,10 gektar yer maydonini go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida fuqaro A.B.ga rasmiylashtirib olib berishi evaziga 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Jomboy tumani bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro L.J. fuqaro B.K.ning ishonchiga kirib, unga Toyloq tumani hududidagi 0,13 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 13 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 10,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA