Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova tumandagi “G‘allakor” hududida fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan navbatdagi ishchi uchrashuvini o‘tkazdi. Muloqotda qishloq xo‘jaligi sohasida samaradorlikni oshirish, yer maydonlaridan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni keng joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda ayniqsa Xitoy–Shinjon texnologiyasi asosida chigit ekish, ichki ariqlarni betonlashtirish, shuningdek, samarasiz foydalanilayotgan va yillar davomida aylanuvdan chiqqan yer maydonlarini qayta oborotga kiritish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. “Boyovutlik Humoyun” fermer xo‘jaligi rahbari Abdulla Begmatov Xitoy–Shinjon usulining samarasi va bu texnologiya qishloq xo‘jaligi hosildorligini oshirishdagi ustunliklari haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda hokim Dilfuza Uralova fermerlarga o‘z fikrlarini ham bildirdi: – Har bir gektar yer maydoni samarali va oqilona foydalanilishi kerak. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali nafaqat hosildorlikni oshirish, balki fermerlarimiz iqtisodiy barqarorligini ham ta’minlash mumkin. Bizning asosiy maqsadimiz – har bir oila va har bir yer maydonidan maksimal samara olishdir.
Uchrashuv yakunida hokim kuz mavsumining so‘nggi kunlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha fermerlarga aniq topshiriqlar berdi.

Shuningdek, uchrashuvda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish va yer maydonlarini samarali ishlatish orqali hududda qishloq xo‘jaligi hosilini sezilarli darajada oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA