Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishda geomatika sohasida erishilgan yutuqlarni amaliyotga joriy etishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Konferensiya Xalqaro yer kuni munosabati bilan Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti, “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Kadastr agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi, Respublika Aerogeodeziya markaziy Samarqand hududlararo bo‘linmasi hamkoroligida tashkil etildi.

Unda mamlakatimiz hamda Rossiya, Mo‘g‘uliston, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlaridan olimlar va yosh tadqiqotchilar, soha mutaxassislari onlayn va bevosita qatnashdi.

Konferensiya avvalida Oliy Majlis Senatining agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev, O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi raisi Abdushukr Hamzayev mazkur tadbirning ahamiyatiga to‘xtalib, mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, yer tuzish va yer monitoringini to‘g‘ri tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bunda ilm va amaliyotning uyg‘unligiga e’tibor qaratdi.



– 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida yangi va foydalanishdan chiqqan 464 ming gektar maydonni o‘zlashtirish, ilm-fan va innovatsiyaga asoslangan agroxizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, agrosanoat korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash va ishlab chiqarish hajmini 1,5 baravar oshirish muhim strategik vazifalar sifatida belgilab berilgan, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Abror Gadoyev. – Bu vazifalarni amalga oshirishda, jumladan, yerdan foydalanuvchilar faoliyatiga innovatsion ta’sir ko‘rsatuvchi tizim yaratish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish orqali qishloq xo‘jaligi ekinlari monitoringini yuritish hamda agrar soha barqarorligi va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu anjuman ham ayni maqsadga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Unda yer resurslari, davlat kadastrlari hamda geoinformatika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan olimlarni tarmoqlararo ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirish, shuningdek, xalqaro miqyosdagi ilmiy jamiyatlarga jalb etilishini kengaytirish, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarining xalqaro akademik almashinuvini kuchaytirish, yer tuzish va kadastr sohalariga oid ilm-fan yutuqlari va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish maqsad qilingan. Bu orqali yer resurslarini boshqarish sohasida xorijlik hamkasblarimiz va mutaxassislar bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashishga imkoniyat yaratish, fan-texnika taraqqiyotidan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.


Anjumanda yurtimiz hamda xorijdan kelgan olim va mutaxassislarning yer resurslaridan samarali foydalanishda bugungi kunda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yechimlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqidagi ma’ruzalari tinglandi. Yangi uslub va elektron tizimlar taqdimotlari o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari