Fuqarolar va tadbirkorlarning tabiiy resurslardan, xususan, yer uchastkalaridan foydalanish jarayonida vujudga kelayotgan muammolarning huquqiy yechimi yaratilmoqda. Ya’ni, shu maqsadda yer va fuqarolik qonunchiligi takomillashtirildi.
2023 yil 1 oktyabrdan kuchga kirgan “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun shu maqsadga xizmat qiladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti ekologiya huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Go‘zal UZOQOVA yangi qonunning muhim jihatlari haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Mazkur qonun bilan shu vaqtga qadar qonunchilikda ziddiyatli, tafovutli bo‘lib kelayotgan ba’zi holatlar bartaraf etildi. Ularning ayrimlari haqida mulohaza yuritadigan bo‘lsak, Yer kodeksi 18-moddasi 3-qismida chet el fuqarolari yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasidan xususiy mulk huquqi asosida foydalanishi mumkinligi belgilangan bo‘lib, yangi qonun hujjati bilan ushbu norma chiqarib tashlandi.
Qayd etish joizki, Yer kodeksi qabul qilingan 1998 yildan beri chet el fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari ajratishning huquqiy asosi mavjud emas edi. Qolaversa, mazkur holat 2022 yilda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasi talablariga zid edi. Unda chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, davlat organlari, muassasalari va korxonalari xususiylashtirish sub’ektlari bo‘lmaydi.
Mamlakatimiz aholisi tez sur’atlarda o‘sib borayotgani va davlat, eng avvalo, o‘z fuqarolari haqida g‘amxo‘rlik qilishi zarurligi, aholining uy-joy qurish va mehnat faoliyatini tashkil etishi uchun yer uchastkalariga bo‘lgan talab tobora oshib borayotganini inobatga olsak, Yer kodeksidan ushbu normaning chiqarib tashlangani maqsadga muvofiq.
Yer kodeksining 23-moddasida yer uchastkalari tadbirkorlik uchun bino-inshoot qurish bilan bir qatorda qonunda belgilanmagan boshqa maqsadlarda ham xususiylashtirilishi mumkinligi belgilandi. Mazkur norma savdo va xizmat ko‘rsatishdan tashqari ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish uchun ham yer uchastkalarini xususiylashtirish mumkinligini anglatadi.
Aslida ushbu qoida amaldagi yer qonunchiligining noqishloq xo‘jalik yerlaridan tadbirkorlik maqsadlarida foydalanishga oid qoidalari mazmuniga mos keladi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, ushbu yangilik tadbirkorlik maqsadlarida yer uchastkalarini ajratishga oid yer qonunchiligi normalarini amaliyotda qo‘llashda chalkashliklarning oldini oladi.
Qonunchilikdagi asosiy yangiliklarning ikkinchi yo‘nalishi sifatida, unda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga, shu jumladan, ikkilamchi ijaraga berish tartibi va shartlari aniq belgilanganini e’tirof etish joiz.
Yer kodeksining 23-moddasida xususiy yer uchastkasi ijaraga berilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. 24-moddada esa onlayn -auksion orqali ijaraga olingan noqishloq xo‘jalik yerlari ham (ijaraga olingan muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga) boshqa shaxsga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligi belgilandi.
Ta’kidlash kerakki, qonunning eng muhim jihatlaridan biri – unda Yer kodeksining 21-1-moddasi bilan davlat idorasiga doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan yer uchastkasini shu organning o‘zi ikkilamchi foydalanish uchun boshqa sub’ektga ijaraga berishi mumkinligining belgilanganidir.
Qonun bilan qishloq xo‘jalik yerlarini ularning tarkibiga ko‘ra (lalmi yerlar, yaylovlar, bo‘z yerlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar egallagan yerlar) turli shartlar asosida aniq muddatlarga berish amaliyoti joriy etildi.
Endilikda yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi ham takomillashdi. Yangi qonun hujjati bilan Yer kodeksining 21-4-moddasi kengaytirilganini ko‘rish mumkin.
Qonunchilikdagi yangiliklarning uchinchi yo‘nalishi sifatida, mazkur qonun hujjati bilan o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi – servitutni qo‘llash imkoniyatlari kengayganligidir.
Uni qo‘llash muddatlari, shartlari, haq to‘lash asoslari va amal qilish tartibiga oid aniq normalar belgilandi, ommaviy servitut tushunchasi qonunchilikka kiritilib, uni belgilash va bekor bo‘lish asoslari Yer kodeksi va Fuqarolik kodeksiga kiritildi.
Yer kodeksining 25-moddasida geologiya-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarini amalga oshirish ommaviy servitut asosida amalga oshirilishi, ommaviy servitut Toshkent shahar va viloyat hokimlari tomonidan belgilanishi (Yer kodeksining 5-moddasi) ko‘rsatilgan.
Ommaviy servitut tushunchasiga Yer kodeksining 30-moddasida ta’rif berilgan bo‘lib, unga ko‘ra ommaviy servitut jamoat ehtiyojlari uchun belgilanadi. Bunday jamoat ehtiyojlarining aniq ro‘yxati ham kodeksda keltirilgan.
Qonunchilikdagi yangiliklarning to‘rtinchi yo‘nalishi sifatida, yer uchastkasi egasi, foydalanuvchisi, ijarachi va mulkdorining huquqlari kafolatlari kengaygani, ba’zi huquqiy bo‘shliqlar to‘ldirilganini e’tirof etish joiz.
Endilikda Yer kodeksining 62-moddasida tabiiy ofat yoki boshqa sabablar bilan imorat buzilganda aholi punktini rejalashtirish loyihasida buzilgan imorat joylashgan yer uchastkasi uchun boshqa loyiha rejalashtirilgan bo‘lsa, yer uchastkasi egasiga jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qo‘yilganda beriladigan tartibda kompensatsiya to‘lanishi mustahkamlandi.
Ta’kidlash joizki, yangi qonun hujjati bilan yer qonunchiligidagi ba’zi huquqiy bo‘shliqlar to‘ldirildi. Jumladan, Yer kodeksining 28-moddasi bilan xususiy yer uchastkasi uchun mulkdor tomonidan yer solig‘i to‘lanishi, bunday yer uchastkasi ijaraga berilganda esa ijarachi yer uchastkasi mulkdoriga ijara haqini to‘lashi haqidagi norma bilan to‘ldirilishi yer qonunchiligi amaliyoti uchun muhim manba bo‘ldi. Chunki shu vaqtga qadar mazkur masala huquqiy bo‘shliq bo‘lib kelayotgan edi.
Yer kodeksining 36-moddasi takomillashtirildi. Unda yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini bekor bo‘lish asoslari keltirildi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, yer fondi va uning alohida toifa uchastkalaridan to‘g‘ri va oqilona, ilmiy asoslangan tarzda foydalanish aholi farovonligining o‘sishiga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Norgul ABDURAIMOVA yozib oldi.