Yerga munosabat — jamiyatning qonun, adolat va kelajakka munosabatini belgilaydi. Shu ma’noda Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun 2025 yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumani faqat hisobot tadbiri emas, balki joylarda yer va mulk munosabatlarida kechayotgan jarayonlarga xolis baho berish, muammolar va yechimlar haqida ochiq mulohaza yuritish maydoni bo‘ldi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, o‘tgan yil mobaynida viloyatda yer maydonlaridan maqsadli foydalanish, o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlarining oldini olish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish borasida tizimli va qat’iy choralar amalga oshirildi. Yer va kadastr nazorati tadbirlari davomida 2025 yilda 5927 ta holatda jami 512,9 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Bu raqamlar masalaning naqadar jiddiy ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Aniqlangan holatlarning barchasi bo‘yicha qonun talablariga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarga noqonuniy egallab olingan yerlarni qaytarish va qurilmalarni bartaraf etish yuzasidan yozma ko‘rsatmalar berildi. Natijada 404,7 gektar maydondagi 4520 ta holat ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. Ixtiyoriy ijro etilmagan holatlar bo‘yicha esa prokuratura organlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va tuman hokimliklariga tegishli da’vo arizalari hamda taqdimnomalar kiritildi.
Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurali Mamasiyayev bu jarayonlarga to‘xtalar ekan, yer masalasida murosasizlik qonun ustuvorligining tabiiy ifodasi ekanini ta’kidladi:
— Yer — tiklab bo‘lmaydigan boylik. Uni o‘zboshimchalik bilan egallash yoki maqsadsiz foydalanish orqali faqat davlat emas, avvalo jamiyat manfaatlariga zarar yetkaziladi. Shu bois har bir aniqlangan holat qonun doirasi va adolat tamoyili asosida ko‘rib chiqilmoqda.
Huquqbuzarliklar uchun javobgarlik ham qat’iy bo‘ldi: 3138 nafar huquqbuzarga jami 42 milliard so‘mdan ortiq jarima tayinlandi. Shundan bir qismi ixtiyoriy undirildi, belgilangan muddatda to‘langan jarimalar uchun imtiyozlar qo‘llanildi, katta qismi esa majburiy ijro uchun tegishli organlarga yuborildi. Bu raqamlar qonun oldida hamma teng ekanini yana bir bor isbotlaydi.
Matbuot anjumanida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yil davomida bu borada 32 mingdan ortiq murojaat qabul qilinib, 20 ming 791 tasi ijobiy hal etildi. Ayrim arizalarda hujjat kamchiliklari yoki belgilangan to‘lovlarning amalga oshirilmagani sababli rad etilgani ham ochiq aytildi. Bu esa fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish dolzarb vazifa bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustda qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Mazkur qonun 2024 yil 8 noyabrdan kuchga kirib, Jizzax viloyatida tasdiqlangan rejalar asosida xatlov ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunda mahallalar chegaralari aniqlanib, o‘n minglab ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha inventarizatsiya va raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu esa minglab fuqarolarning mulk huquqi qonuniy asosda tan olinishi va himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.
[gallery-27425]
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida ham ishlar tizimli ravishda olib borilgani qayd etildi. Ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar, aholi bilan ochiq muloqotlar, tizim xodimlari o‘rtasida profilaktik tadbirlar — bularning barchasi sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan. Aniqlangan ayrim holatlar bo‘yicha materiallar prokuratura organlariga yuborilgani ham ochiq aytildi.
Yakunda shuni aytish mumkinki, Jizzax viloyatida yer va mulk munosabatlarini qonun asosida tartibga solish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Yerga beparvo munosabat emas, qonunga tayangan mas’uliyatli yondashuv ustuvor bo‘layotgani esa jamiyat uchun juda muhimdir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari