Firuz G‘aniyev Qizilqum zaminining iqtidorli geologlaridan biri. U 2003-yilda Toshkent davlat texnika universiteti geologiya fakultetining magistraturasini tamomlab, yo‘llanma asosida “Muruntov” koniga geologik ishlarda kon ishchisi sifatida ishga kelgan edi. Mana qariyb 21-yildirki, geologiya sohasida faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda bosh geolog o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.
– Cho‘lning tabiati ancha injiq: yozi jaziramali, qishi izg‘irinli. Inson tanlagan kasbini sevsa, hech bir ish unga qiyinchilik tug‘dirmas ekan, – deydi Firuz G‘aniyev. – Biz Qizilqum cho‘lining ancha ichkarisida dala sharoitida ish olib boramiz. Ilk ish faoliyatimni boshlaganimda malakali mutaxassislar– Kim Temur Aliseevich, Vadim Nikolayevich Bыchkov, Arslan Koshanov, Nuriddin Haydarovlar menga ustozlik qilishdi. Sohaning sir-asrorlarini o‘rgatishdi. Hozir o‘zim ham yoshlarga ustozlik qilmoqdaman. Ustozlarimdan o‘rganaman. Ularning o‘gitlariga amal qilgan holda bilganlarimni shogirdlarimga o‘rgataman.
Qizilqum ma’danlarga boy zamin. “Muruntov” koni 20-asrning ikkinchi yarmidagi qimmatbaho metallar sohasida qilingan eng katta kashfiyot sifatida tan olingan. Ayni vaqtda konning uzunligi 5,5 kilometr, eni esa 3,4 kilometrni tashkil etib, 650 metrdan ziyod chuqurlikka ega. Shu kunga qadar kondan 2 mlrd.m3 dan ortiq tog‘ jinslari qazib olingan. Albatta, konlarning kelajagi geologlar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlarning ishonchliligiga bog‘liq. Konlarni o‘rganish va zaxiralarini oshirish, rejalashtirish, kon ishlarini nazorat qilishning usul va yo‘llarini ishlab chiqish, ma’danni omborlarga joylashtirish, ularni ro‘yxatga olish, konlarni chuqurlashish loyihalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq muhim masalalarni hal qilishda geologlarning alohida hissasi bor.
– Markaziy kon boshqarmasining geologiya xizmati 1967-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1972-yilgacha kon ishlariga geologik xizmat ko‘rsatish “Muruntov” konining geologiya bo‘limi tomonidan bajarilgan, – deydi “Muruntov” koni bosh geologi Tursun Tolibov. – O‘tgan davr mobaynida tajribali geologlar tomonidan konni samarali o‘zlashtirish bo‘yicha eng maqbul qarorlar, sxemalar qabul qilindi. “Ma’dan” avtomatlashtirilgan loyihalash tizimi ishlab chiqilib, tatbiq etildi. Kon ekspluatatsion pog‘onalarida qazib olinadigan zaxiralari qayta hisoblanib, tasdiqlandi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida chuqur kon sharoitlarida kon ekspluatatsion ishlarini loyihalash va rejalashtirishning yuqori sifat cho‘qqilariga erishildi. 2-gidrometallurgiya zavodi kerakli sifatdagi ma’dan bilan barqaror ta’minlanib, qo‘shimcha qidirish ishlari hisobiga oltin zaxiralari ko‘paydi.
Bugungi kunda konning bosh geolog byurosida 54 nafar geolog va ishchi-xodim samarali faoliyat olib bormoqda. “Muruntov” konining balans va balansdan tashqari ma’danlarining bort tarkibi qayta ko‘rib chiqilib, geologik zaxiralari qayta hisoblandi. 2022-yilning aprel oyidan boshlab “Balpantog‘” koni, 2023-yilning oktyabr oyidan boshlab esa “Besapantog‘” koni ish boshladi.
Qazish-tozalash ishlarida ham geologlardan katta mas’uliyat talab etiladi. Burg‘ulash uskunalarining geologik namuna olish jarayonini nazorat qilish, uskunalarning namuna yig‘gichi sozligini, namunalar vaznini, namunalar yorliqlarining to‘g‘ri to‘ldirilishini, burg‘ilangan quduqlar raqami loyihalarga binoan bo‘lishini tekshirish lozim. Shu bilan birga tog‘ jinslar toifasini aniqlashtirish uchun quduqlarni burg‘ulashda xronometraj ishlarini amalga oshirish, namunalarni chiqarish, ularga ishlov berish, tahlillar olish jarayonlarini nazorat qilish va muntazam ravishda namunalarni geologik nazorat va tahliliy ishlar uchun ajratib, saralab olish ham ularning zimmasida. Shu bilan birga ekskavatorlarning ishlarini nazorat qilish, kon kovjoylarini geologik hujjatlashtirish, ma’danning yo‘qotilishi va sifatsizlanishini nazorat qilish hamda kamaytirish chora-tadbirlarini tuzish, 2-Gidrometallurgiya zavodining oltinni ajratib olish texnologiyasiga mos miqdor va sifatda jo‘natilishining bevosita nazorati ham ushbu sharafli kasb egalari mas’uliyatli burchidir.
Bir zum geologik ishlarni bajarayotgan kon ishchilarining faoliyatini kuzatdim. Ularning quyoshning tafti-yu, cho‘lning sovuq shamollarida qorayib ketgan yuz-ko‘zlaridagi shijoatni ko‘rib, ularga bo‘lgan hurmatim ming chandon ortdi. Burg‘ulangan maydonda namunalar solingan qoplarda to‘g‘ri va aniq to‘ldirilgan yorliqlarning mavjudligini, raqamlarni ro‘yxatga olish va burg‘ulangan quduqlar raqamlari, burg‘ulash ishlari loyihalariga muvofiqligini tekshirib, namunalardagi shlam materialining sifat tarkibi va miqdorini, begona tog‘ jinslar bo‘laklarining mavjudligini, og‘irligini erinmasdan ko‘rayotgan mutaxassislarning suhbatlarini maroq bilan tingladim.
– Yosh kadrlar bilan ishlash asosiy vazifamizga kiradi. Bizda har bir yosh kadr tajribali mutaxassisga biriktirilgan. Bu tajriba orttirish bilan bir qatorda ustozni qadrlashdek madaniyatni shakllantiradi, – deydi uchastka geologi Davlat Rahmonov. – Jamoamizda yurtimizning turli hududlaridan kelgan yoshlar ishlashadi. Ularning fikri, g‘oya va tashabbuslarini tinglab, keng dunyoqarash va tafakkurga ega ekanligiga guvoh bo‘laman. Bunday shijoatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak, ruhlantira olsak, ular bilan katta ishlarni amalga oshirish mumkin, albatta.
Hozirgi kunda geologik vazifalarni yechishda zamonaviy MEINFREIM, DIGIMINE kabi dasturlardan foydalanib kelayotgan jamoa yer sathidan 550 metrgacha chuqurlikdagi foydali qazilma topilmalarini to‘la o‘rgangan. Eng quvonarlisi, ushbu sohaga butun kuch-g‘ayratini, aql-zakovatini sarf qilayotgan, umrini baxshida etayotgan geologlar kon ishlarini tadbiq etish uchun kon-transporti kompleksini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi loyihasini ham ishlab chiqishdi.
– Geolog bo‘lib yashash – baxt, geologiya sohasida ishlash – mas’uliyat, geologman deyish esa faxr, – deydi suhbatdoshlarimizning aksariyati. Ular mehnatidan mamnun insonlar. Kasbini sevib, zalvorli mehnati ortidan huzur-halovat topayotgan geologlarimiznining ishlariga omad tilaymiz.
Nafosat Ziyoyeva,
Markaziy kon boshqarmasi Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi xodimi.
O‘zA