Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer ostidan boshlanadigan qulay shahar
12:46 / 2025-10-27

Poytaxtimiz yaqinida bunyod etilayotgan Yangi Toshkent shahri mamlakatning eng yirik qurilish loyihalaridan biri hisoblanadi.

Bu loyiha nafaqat zamonaviy arxitektura va ekologik yechimlarga, balki qulay infratuzilmaga ham asoslanmoqda. Ayniqsa, shahar konsepsiyasining yer osti infratuzilmasi butun loyihaning o‘ziga xos jihatidir.

Bu yo‘nalish orqali Yangi Toshkent nafaqat osmono‘par binolar bilan, balki ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo hayotiy muhim infratuzilma tizimlari bilan ham o‘ziga xos shahar tajribasini yaratmoqchi.

Dastlabki loyihalarga ko‘ra, Yangi Toshkentning markaziy qismlarida ko‘p funksiyali yer osti bog‘lamalari qurilishi rejalashtirilgan. Bu hududlar faqatgina avtomobil yo‘llari yoki to‘xtash joylari sifatida emas, balki shahar hayotining uzviy qismi sifatida ishlab chiqiladi.

Yer osti majmualarida hayot uchun zarur sharoitlarning barchasi mujassam bo‘ladi: avtomobillar uchun avtomoyka va quvvatlash stansiyalari, velosiped turargohlari, hatto ota-onalar uchun qulay bola parvarishi xonalari ham tashkil etiladi. Eng muhimi, ushbu loyihalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida to‘xtash joylari va xizmat ko‘rsatish nuqtalari xalqaro standartlar asosida bo‘ladi.

Bunday konsepsiya Seul, Tokio, Parij kabi shaharlarda muvaffaqiyatli joriy etilgan. U yerda yer osti majmualari nafaqat transport tizimining bir qismi, balki savdo, madaniyat va dam olish infratuzilmasi sifatida ham xizmat qiladi.

Yangi Toshkent loyihasi ham shu yo‘nalishda – O‘zbekistonning shaharsozlik maktabini yangi bosqichga olib chiqish maqsadini ko‘zlaydi. Farqi shundaki, bu loyiha milliy iqlim, energetik va madaniy omillarni hisobga olgan holda, “Markaziy Osiyo modeli” sifatida shakllanmoqda.

Yangi Toshkent loyihasidagi yer osti bog‘lamalari – bu oddiy texnik inshootlar emas, balki zamonaviy shahar madaniyatining asosi bo‘lishi kutilmoqda. Bu yondashuv orqali yangi poytaxt konsepsiyasi shunchaki me’moriy yangilik emas, balki inson uchun qulay, xavfsiz va inklyuziv yashash muhiti yaratish g‘oyasini ilgari suradi. Agar bu konsepsiya to‘liq amalga oshsa, Yangi Toshkent nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun shaharsozlikdagi ilg‘or tajriba maydoni sifatida tarixda qoladi.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA