Bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumani yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash va ulardan foydalanish munosabatlarini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlandi.
Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Rustam Yusupov mamlakatimizda yer osti suv resurslarini muhofaza qilish, ularning kamayib ketishini oldini olish, tadbirkorlik sub’ektlarining suvga quduqlar burg‘ilash bilan bog‘liq faoliyatini tartibga solish, shuningdek, suv hisobini yuritish mexanizmini yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Uning qayd etishicha, 2025 yil 5 mayda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
– So‘nggi yillarda yer osti suvlaridan samarasiz foydalanish va suvga noqonuniy quduq burg‘ilash natijasida respublikaning 21 ta hududida yer osti suvlari sathining 5 metrgacha va undan ortiq pasayib ketish holatlari aniqlandi. Bugungi kunda ushbu hududlarda yer osti suvlaridan foydalanish uchun gidrogeologik xulosa va ruxsatnomalar berish uchun moratoriy joriy etilgan. Jumladan, 2024 yil 1 yanvardan boshlab yer osti suvlari hisobini aniq yuritish maqsadida yer osti suvlaridan suv hisoblash vositalarisiz foydalanish taqiqlandi. Qayd etish lozimki, burg‘i quduqlarini suv hisoblash vositalari bilan jihozlash va tegishli ruxsatnomalarni olish bo‘yicha jismoniy shaxslar, ya’ni oddiy aholi o‘z shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan miqdorda va chuqurligi 25 metrgacha bo‘lgan suv olish inshootlaridan yer osti suvlarini olganda mustasno etilgan. Yuqoridagi holatlardan boshqa har qanday hollarda suvdan foydalanuvchilar burg‘i quduqlarini suv hisoblash vositalari bilan jihozlash va tegishli ruxsatnomalarni olishi majburiy hisoblanadi, – dedi R.Yusupov.
[gallery-23627]
Tadbirda vazirlik tomonidan yer osti suvlaridan foydalanish va quduq burg‘ilash tizimini yanada takomillashtirish, aholi orasida yer osti suvlaridan foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning miqdor jihatdan kamayib ketishi va ifloslanishining oldini olish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilayotgani aytib o‘tildi.
– Hozirgi kunda respublikaning tog‘ va tog‘oldi hududlarida xavfli ekzogen geologik jarayonlar sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jami 844 ta ob’ekt aniqlangan bo‘lib, aholi punktlari, iqtisodiyot va ijtimoiy soha ob’ektlarini ushbu jarayonlar xavfidan ogohlantirish bo‘yicha monitoring ishlari olib borilmoqda, – dedi vazirlik huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Omonullo Zaripov. – Bugungi kunda respublikada 689 ta yer osti suvlariga quduq burg‘ilash uskunasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ularning 402 tasi yuridik shaxslarga va 287 tasi jismoniy shaxslarga tegishlidir. Biroq yer osti suvlariga o‘rnatilgan tartibda ruxsatnoma olib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 300 tadan ortiq bo‘lib, bunda noqonuniy (ruxsatsiz) va qo‘lbola burg‘ilash uskunalari yordamida burg‘ilash holatlari uchramoqda. Inspeksiyamiz tomonidan 2019-2022 yillarda 1 ming 200 dan ortiq yer osti suvlariga ruxsatnomasiz (noqonuniy) burg‘ilash va undan foydalanish holatlari aniqlangan. Shundan 169 ta yer osti suvlariga noqonuniy quduq burg‘ilash holatlari bo‘yicha ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan bo‘lib, qo‘llanilgan jarimalar miqdori 121,2 million so‘mni tashkil etgan.
Mutaxassislar ma’lum qilganidek, 2017 yildan buyon 5840 ta yer osti suvlariga quduq burg‘ilash uchun ruxsatnoma berilgan. Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlariga yengillik va qulaylik yaratish maqsadida “yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyati uchun ruxsatnoma berish” tartibi joriy etilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O.Pardayev (surat), O‘zA