Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer osti suvidan foydalanish tartibi takomillashtirilmoqda
19:10 / 2024-02-01

2023 yil 28 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash va ulardan foydalanish munosabatlarini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan “Yer osti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan jihozlash tartibi to‘g‘risida”gi va “Xavfli geologik jarayonlarning davlat monitoringi to‘g‘risida”gi nizomlar ishlab chiqildi. Shuningdek, yer osti suvlariga quduq burg‘ilash faoliyati uchun ruxsatnomani “Litsenziya” axborot tizimi orqali berish tartibi belgilandi. 

Bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan tadbir ushbu qaror mazmun-mohiyati va uning ijrosiga bag‘ishlandi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mas’ullari yer osti suviga quduqlarni burg‘ilash va ulardan foydalanish munosabatlarini tartibga solishni yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. 

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yer osti suvidan samarasiz foydalanish natijasida respublikaning 18 tumanida yer osti suvi sathi 5 metrgacha, 10 tumanida esa 5 metrdan ortiq tushib ketishi holati kuzatilgan. Yer osti suvining aniq hisobini yuritish maqsadida yer osti suv olish inshootlariga suv hisoblash vositalarini o‘rnatish majburiyati yuklanmoqda. 

Bundan jismoniy shaxslarning shaxsiy va xo‘jalik ehtiyoji uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan miqdorda yer osti suvini olish mustasno. Hozirgi kunda respublikaning tog‘ va tog‘oldi hududlarida xavfli ekzogen geologik jarayonlar sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan 844 ta ob’ekt aniqlangan. 

[gallery-15737]

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Davlat geologik monitoring xizmati boshlig‘i Rasul Begmatovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holatlarni inobatga olgan holda, ushbu qaror bilan aniq mexanizmlarga asoslangan Xavfli geologik jarayonlarning davlat monitoringi nizomi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. 

–Yer osti suvini asrash har bir fuqaroga katta mas’uliyat yuklaydi. Shu sababli, bugungi iqlim o‘zgarishi davrida undan oqilona va samarali foydalanish talab etiladi. Bunda “Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash va ulardan foydalanish munosabatlarini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori biz uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. O‘z navbatida, vazirligimiz tomonidan ushbu qaror ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda va tizimli ishlar borilmoqda. Deylik, yer usti suvini to‘ssangiz, u to‘xtaydi, ochsangiz oqadi. Yer osti suvi esa birdaniga ko‘payib ham ketmaydi, birdaniga kamaymaydi ham. U inersiya bilan davom etaveradi. O‘sha kamayish inersiyasi yana bir-ikki yil davom etadi. Ayni paytda bu borada monitoring ishlari va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bu birinchi o‘rinda yerlarni sug‘orish masalasi bilan bog‘liq. Ya’ni, yer osti suvlarining 37 foizi yerlarni sug‘orishga ishlatiladi. Shundan 35 foizi ichimlik suviga, qolgani boshqa maqsadlarda ishlatiladi, – dedi R.Begmatov 

Shuningdek, matbuot anjumanida yer osti suvidan samarali foydalanish bo‘yicha kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati bo‘yicha ham tushunchalar berildi. Unga ko‘ra, yer osti suvining ko‘p yillik o‘rtacha sathiga nisbatan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berilmaydi. 

Yer osti suvidan maxsus foydalanish yoki ularni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsatnoma Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi gidrogeologiya korxonalari xulosasini inobatga olgan holda berish kabi choralar ko‘zda tutilgan. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA