Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer osti boyliklariga oid munosabatlar tartibga solinadi
17:30 / 2022-09-26

Yer osti foydali qazilmalari sanoat, energetika, qurilish kabi iqtisodiyotning muhim tarmoqlari rivojida alohida o‘rin egallaydi. Shuning uchun ham yurtimizda geologiya yo‘nalishi rivojiga ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi.

Parlament quyi palatasida muhokama qilinayotgan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan yer osti boyliklariga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinadi. Qonun loyihasida foydali qazilma turlari aniq belgilanyapti. Ya’ni, asosiy foydali qazilmalar — barcha metallar va uglevodorodlar hamda noruda foydali qazilmalar — sement, oyna, kimyo xomashyolari, marmar, granit, bazalt, qum-shag‘al, ohaktosh va boshqalarga ajratilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi.

Qayd etildiki, mazkur loyihada belgilanayotgan normalar bilan geologik jihatdan kam o‘rganilgan hududlarni xalqaro standart asosida bloklarga bo‘lish tizimi joriy etiladi. Bunda tegishli litsenziyalar talabgor murojaatiga ko‘ra “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipi asosida shaffof mexanizmlar orqali beriladi.

Bunday mexanizm Avstraliya, Kanada, Turkiya va Qozog‘istonda keng qo‘llaniladi. Shuningdek, o‘rganilganlik darajasi va kon ochish salohiyati yuqori bo‘lgan maydonlarni esa shaffof “E-auksion” platformasida onlayn-auksion natijalariga ko‘ra berilishi belgilanmoqda. Ya’ni, kam o‘rganilgan, olis joylardagi uchastkalar “birinchi kelgan birinchi oladi” tamoyili asosida beriladi, o‘rganish darajasi yuqori istiqbolli maydon va konlar esa auksion va tanlovlarga chiqariladi.

Deputatlar loyiha yuzasidan muhokamalarda qator takliflarni bildirdilar.

Shuningdek, fraksiya a’zolari “O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasinig ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.

Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, intellektual mulk sohasidagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qo‘llash vakolati adliya organlariga berilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomalarini berish amaldagi tartibdagi 10 kunlik muddatdan bir kunlik muddatga, ya’ni ob’ekt muayyan davlat reyestrlarida ro‘yxatga olingan kunning o‘zida tegishli guvohnoma elektron shaklda QR-kod bilan tasdiqlagan holda berilishi belgilanmoqda. Bu esa intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatga olish jarayonlarida ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qonun loyihasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyati maqsadlaridan yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan vaziyatlardan tashqari holatlarda davlat xizmatlaridan foydalanishda ularga 50 foizlik chegirma qo‘llanilishi taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi yuzasidan qator taklif va mulohazalar bildirilib, qo‘llab-quvvatlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA