Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer olib qo‘yishda adolat mezoni: mulk huquqi qanday ishonchli himoya qilinadi?
15:34 / 2026-02-27

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Yangi yo‘llar, sanoat zonalari, turar joylar, maktab va shifoxonalar barpo etilmoqda. Bu, albatta, iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, bunday loyihalarni amalga oshirish ayrim hollarda fuqarolar va tadbirkorlarga tegishli yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish zaruratini ham yuzaga keltiradi. Bunday vaziyatda eng muhim masala davlat manfaatlari bilan xususiy mulk huquqi o‘rtasida adolatli muvozanatni ta’minlashdan iborat.

Mulk huquqi har qanday huquqiy davlatning asosiy tayanchlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham mulk huquqining daxlsizligi mustahkamlangan. Shu bilan birga, jamiyat ehtiyojlari uchun ayrim hollarda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga olib qo‘yishga yo‘l qo‘yiladi. Bu borada 2022-yilda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, ushbu jarayonning huquqiy asoslari aniq belgilandi. Mazkur Qonun kompensatsiya to‘lash, qarorlarni ochiq muhokama qilish va mulkdorlar manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamladi. 

Shunga qaramay, yer olib qo‘yish masalasi faqat huquqiy norma bilan emas, balki inson manfaatlari bilan bog‘liq murakkab jarayon hisoblanadi. Masalan, fuqaro yoki tadbirkor o‘z mablag‘i hisobidan uy yoki ishlab chiqarish obyektini quradi, faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, shu hududdan yangi yo‘l o‘tkazilishi rejalashtiriladi va uning yeri olib qo‘yiladi. Kompensatsiya to‘langan taqdirda ham, mulkdor yangi joyga ko‘chish, faoliyatni qayta yo‘lga qo‘yish, yangi sharoitga moslashish kabi qo‘shimcha qiyinchiliklarga duch keladi. Demak, bu yerda gap faqat yerning bozor qiymati haqida emas, balki insonning mehnati, vaqti va iqtisodiy barqarorligi haqida ham bormoqda.

Xorijiy davlatlar tajribasi bu masalaga yanada chuqurroq va ehtiyotkorlik bilan yondashish zarurligini ko‘rsatadi. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir qarashda qonuniy deb topilgan yer olib qo‘yish holati jamiyatda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Bunga sabab, yer jamoat infratuzilmasi uchun emas, balki iqtisodiy rivojlanish loyihasi doirasida olib qo‘yilgani bo‘lgan. Natijada davlat vakolatlarini cheklash va mulkdorlar huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan qonuniy o‘zgarishlar qabul qilingan. Bu holat shuni ko‘rsatdiki, agar jamoat ehtiyoji tushunchasi aniq belgilanmasa, davlat vakolatlarining keng talqin qilinishi fuqarolar manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Germaniyada esa yer olib qo‘yishdan oldin davlat har bir qarorni chuqur asoslab berishi shart. Davlat organi nima sababdan aynan shu yer uchastkasi zarurligini, boshqa muqobil variantlar mavjud emasligini isbotlashi kerak. Bu yondashuv qarorlarning adolatli va asosli bo‘lishini ta’minlaydi hamda fuqarolar va davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi. Chunki inson o‘z mulki faqat haqiqatan zarur bo‘lgan taqdirda va asosli sabablarga ko‘ra olib qo‘yilayotganini tushunadi.

Kanadada esa yerning faqat bir qismi olib qo‘yilgan holatlarda ham mulkdorning manfaatlari alohida himoya qilinadi. Chunki ayrim hollarda yerning bir qismi olib qo‘yilgach, qolgan qismdan foydalanish imkoniyati keskin yomonlashadi. Masalan, savdo obyektining kirish yo‘li yopilib qolishi mumkin. Bunday holatda davlat nafaqat olib qo‘yilgan yer uchun, balki qolgan mulkning qiymati pasaygani uchun ham kompensatsiya to‘laydi. Bu esa mulkdorning iqtisodiy holatini real tiklashga xizmat qiladi.

Yangi Zelandiya tajribasi esa davlatning mas’uliyatini oshiruvchi yana bir muhim mexanizmni ko‘rsatadi. Agar davlat tomonidan olib qo‘yilgan yer keyinchalik ishlatilmay qolsa, u avvalo sobiq mulkdorga qayta taklif etiladi. Bu yondashuv davlat organlarini yer olib qo‘yishda yanada mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Chunki har qanday yer olib qo‘yish qarori keyinchalik ham huquqiy va iqtisodiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Bu tajribalar O‘zbekiston uchun ham muhim xulosalar chiqarish imkonini beradi. Avvalo, yer olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilishda ularning asoslanganligini yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xususan, qaror qabul qilishdan oldin muqobil variantlarni majburiy ravishda ko‘rib chiqish tartibini joriy etish foydali bo‘lardi. Masalan, agar yangi yo‘l qurish rejalashtirilayotgan bo‘lsa, uning yo‘nalishini o‘zgartirish orqali kamroq mulkdorga zarar yetkazish imkoniyati mavjud yoki mavjud emasligi asoslab berilishi lozim. Bu fuqarolar manfaatlarini himoya qilish bilan birga, qarorlarning shaffofligini oshiradi.

Shuningdek, kompensatsiya mexanizmini yanada takomillashtirish ham muhim ahamiyatga ega. Amaliyotda faqat yerning o‘zi emas, balki u bilan bog‘liq iqtisodiy faoliyat ham zarar ko‘rishi mumkin. Shu sababli kompensatsiya miqdorini belgilashda nafaqat yerning bozor qiymati, balki mulkdorning real iqtisodiy yo‘qotishlarini ham hisobga olish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu esa kompensatsiyaning adolatli bo‘lishini ta’minlaydi.

Yana bir muhim taklif sifatida, yer olib qo‘yish jarayonida mustaqil baholash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidlash mumkin. Masalan, baholash jarayonida faqat davlat tomonidan emas, balki mustaqil ekspertlar va mulkdorning o‘zi tanlagan baholovchilar ham ishtirok etish imkoniyati kengaytirilsa, bu baholash natijalariga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Bu esa o‘z navbatida nizolar sonining kamayishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, agar olib qo‘yilgan yer keyinchalik uzoq vaqt davomida foydalanilmay qolsa, uni sobiq mulkdorga qayta sotib olish imkoniyatini berish mexanizmini joriy etish ham ijobiy natija berishi mumkin. Bu davlat organlarining mas’uliyatini oshiradi va yer faqat haqiqatan zarur bo‘lgan hollarda olib qo‘yilishiga xizmat qiladi.

Yer olib qo‘yish tizimini takomillashtirish nafaqat fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki mulk huquqi ishonchli himoya qilingan jamiyatda investitsiya muhiti yaxshilanadi. Investor o‘z mulki himoyalanganiga ishonsa, u iqtisodiyotga ko‘proq sarmoya kiritadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, ishlab chiqarish rivojlanishiga va iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish rivojlanishning ajralmas qismi hisoblanadi. Biroq bu jarayon adolat, shaffoflik va qonuniylik tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirilishi zarur. Eng muhimi, har qanday qaror markazida inson manfaatlari turishi kerak. Chunki mulk huquqining ishonchli himoyasi nafaqat fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlaydi, balki mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotiga ham mustahkam zamin yaratadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Tadbirkorlik va 

korporativ huquq sho‘basi o‘qituvchisi Sobitxonov Jaxongir