Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer nazorati tadbirlariga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda
14:07 / 2025-12-25

Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan yer munosabatlari sohasida qonuniylikni ta’minlash, yerlarni noqonuniy egallash va yerdan foydalanishda belgilangan tartibdan chetga chiqish holatlarining oldini olish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur nazorat tadbirlari jarayonida yer qonunchiligi buzilish holatlari nafaqat inspektorlarning joyiga chiqqan holdagi o‘rganishlari, balki uchuvchisiz uchish qurilmalari (dronlar) hamda kosmik tasvirlarni tahlil qilish orqali aniqlanib, belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.

O‘tkazilgan yer nazorati tadbirlari natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 6 ming 837 ta holatda jami 502 gektar yer maydonlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi.

Yer bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari yer toifalari kesimida tahlil qilinganda, ularning 447,5 gektari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga, 17 gektari aholi punktlari yerlariga, 3,9 gektari sanoat, transport, aloqa va mudofaa yerlariga, 8,7 gektari suv fondi yerlariga, 24,9 gektari esa boshqa toifadagi yer maydonlariga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.

Shu o‘rinda aniq misollarga to‘xtaladigan bo‘lsak, masalan, Kadastr agentligi Asaka tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida tumanning Dasturxonchi mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan o‘ziga tegishli yer maydoniga tutash bo‘lgan 350 kvadrat metr yer maydoni hech qanday huquqiy hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy qurilish ishlari olib borilgani ma’lum bo‘ldi. 

Shuningdek, Paxtaobod tuman bo‘limi mutaxassislari o‘tkazgan yer nazorati tadbirlari davomida fermer xo‘jaligi rahbari ekin yer maydonining 700 kvadrat metr qismida belgilangan maqsadga zid ravishda foydalanib, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilib, noqonuniy qurilishlar ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.

Umumiy tahlillarga ko‘ra, aniqlangan qonun buzilish holatlari sodir etgan shaxslar bilan olib borilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari natijasida 6 ming 94 ta yer qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. Shu bilan birga, 200 ta holatda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli rasmiylashtirilgan tegishli hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.

Bundan tashqari, hisobot davrida davlat yer, kadastr va geodeziya nazorati sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun 8 ming 428 ta ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomalari rasmiylashtirildi.

Soha faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya va boshqa salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari, shuningdek, ularning tuman va shahar bo‘limlarida 200 dan ortiq tushuntirish-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Huquqiy targ‘ibotlar doirasida 112 marotaba ijtimoiy tarmoqlar orqali, 9 marta televideniye orqali chiqishlar tashkil etildi, shu bilan birga, aholi vakillari bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminarlar hamda uyma-uy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Kadastr agentligi tomonidan yer resurslaridan maqsadli va qonuniy foydalanishni ta’minlash, yer munosabatlari sohasida qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalar asosida nazorat tadbirlari samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.                                                         

Botirjon Mirzaahmedov,

Kadastr agentligi Andijon viloyati

 boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.

O‘zA