Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishga doir 1 ming 778 ta qonun buzilish holatini aniqlanib, ma’muriy jazo qo‘llanilgan.
Mamlakatimizda keyingi yillarda yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish hamda davlat kadastrini yuritish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani umummilliy boyligimizni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, maqsadsiz foydalanishga chek qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda. Yer munosabatlariga oid qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq sug‘oriladigan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, sug‘oriladigan yer uchastkalarini sotish yoki uni noqonuniy tarzda o‘zga shaxsga berish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
Mutaxassislarning fikricha, aslida yer munosabatlariga oid qonunchilikni buzish bu – umumxalq mulkiga e’tiborsizlik oqibatida kelib chiqqan ko‘p yillik muammo. Keyingi yillarda sohani tartibga solish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar yer maydonlaridan oqilona foydalanishda o‘z samarasini bermoqda.
–Vohada yilning o‘tgan davrida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60 moddasi 2-qismiga ko‘ra, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bilan bog‘liq 320 ta, 60 moddasi 3-qismida belgilangan o‘zboshimcha egallangan yerlarda qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha 85 ta, 68 moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish bilan bog‘liq 205 holat aniqlanib, ma’muriy chora ko‘rildi,–deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi ma’muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i Erkin Murodov.– Shuningdek, mazkur kodeksning 68¹-moddasi ya’ni, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik bo‘yicha 1 ming 78 va 69-moddasi bilan bog‘liq 90 holatda yer va kadastr sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun ma’muriy jarimaga tortildi.
Viloyatda yer nazoratchilari aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 1 ming 778 huquqbuzarga nisbatan 7 milliard 99 million so‘m jarima jazosi qo‘llanib, hozirgacha uning 2 milliard 127 million so‘mi undirilgan. 394 nafari jarimalarni belgilangan vaqtda to‘lamagani uchun ularga tegishli hujjatlar amaldagi qonunchilik doirasida undirish uchun Majburiy ijro byurosiga yuborilgan. "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 271-moddasi 10-bandiga muvofiq kodeksning 60-moddasi 2-qismiga asosan yuritilgan ishlarning 305 tasi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan birinchi marta sodir etilgani va o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasini qaytargani, oqibatlarini bartaraf etgani uchun ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik ishi tugatilib, ma’muriy jazodan ozod etilgan.
Masalan, Angor tumani Kattaqum mahallasi hududida tuman hokimligi zaxirasidagi 222-dala konturi yer maydonini F. To‘laganov tomorqa sifatida o‘zboshimchalik bilan egallagan. Noqonuniy egallagani aniqlangach, uni o‘zi bartaraf etgan. A. Rajabov shu tumandagi “Angor Agro pilla” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli tut plantatsiyasi maydoni 214 dala konturidagi 0.1 gektar yerni tomorqa sifatida o‘zboshimchalik bilan egallab olgani aniqlangach, u ham bu harakati qonunga zidligini to‘g‘ri tushunib, egallangan yerni asl holiga qaytarib topshirgan. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
"Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 271-moddasi 10-bandiga muvofiq kodeksning 60-moddasi 2-qismi asosida noqonuniy egallagan yer maydonini ixtiyoriy qaytargan va huquqbuzarlikni bartaraf etganlarning 26 tasi Angor va Oltinsoy tumanlarining har birida, Muzrabotda 64 ta, Denovda 40 ta, Jarqo‘rg‘onda 52 ta, Qumqo‘rg‘onda 43 ta, Termiz tumanida 41 ta, Sherobodda 38 ta, Sho‘rchida 37 va Uzun tumanida 35 tasiga nisbatan javobgarlik tugatilib, qo‘llanilgan jazodan ozod etilgan.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri