English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer mulkdorlarining huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiluvchi me’yorlar ma’qullandi
15:39 / 2023-09-29

Jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut belgilashni huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati yuzaga kelgan.

“Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan shu muammo bartaraf etilmoqda. 

Senatda ma’qullangan mazkur qonun asosida jamoat ehtiyojlari uchun o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (ommaviy servitut) qanday maqsadlarda olinishi belgilanmoqda. Boshqa maqsadlarda ommaviy servitut belgilash taqiqlanmoqda. 

Amalda ijara munosabatlarining ob’ektiga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) tartibi belgilanmagan edi. 

Endilikda qonun bilan ijara munosabatlarining ob’ektlari bo‘yicha huquq va majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin. Bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari mustasno. 

Bugungi kunda yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish zarurati mavjud edi. 

Endilikda Senat tomonidan ma’qullangan qonun bilan ijaraga olish shartnomasi muddati tugaganidan keyin yangi muddatga shartnomani uzaytirishda ijarachi oldingi shartnomada ko‘rsatilgan talablarni lozim darajada bajargan bo‘lsa, boshqa shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega bo‘lishi Yer kodeksiga kiritilmoqda. 

Senatorlar mazkur qonunning kelgusida kuchga kirishi ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishini e’tirof etdi. 

N.Abduraimova, O‘zA