Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer maydonlarini noqonuniy rasmiylashtirishga uringan shaxslar qo‘lga olindi
17:34 / 2025-11-24

Mamlakatimizda yer resurslarini himoya qilish, ularning maqsadsiz yoki noqonuniy o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazorat kuchaytirilmoqda. Davlat organlari, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar tomonidan yerni talon-toroj qilish, uning toifasini firibgarlik yo‘li bilan o‘zgartirishga urinish kabi holatlarning oldi olinmoqda.

Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida qonunga zid harakat qilgan shaxslar qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro K.M. Jarqo‘rg‘on tumani "Guliston" mahallasida joylashgan 70 sotix davlat zaxirasidagi yer maydonini fuqaro Sh.A.ga 170 million so‘mga sotishga kelishib, yer hujjatlarini go‘yoki kadastr filialida ishlovchi tanishi orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. K.M. kelishilgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departamentning Rishton tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro A.A. o‘ziga ajratilgan 15 sotix sug‘oriladigan dehqon xo‘jaligi yer maydonining toifasini turar-joy sifatida o‘zgartirib berishni taklif qilgan. Buning evaziga fuqaro O‘.O.dan 22 500 AQSH dollari talab qilgan va kelishilgan mablag‘dan 12 000 AQSH dollarini olayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Departament xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov jarayonlari olib borilmoqda.

Hamroz Bayanov, O‘zA