Fuqaro R.X. Yuqori Chirchiq tumani “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “R.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 7,8 gektar yer maydonini fuqaro M.X.ga 144 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan.
Yer maydoni kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida amalga oshirish va’dasini bergan.
Kelishilgan puldan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtda esa u Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron tumani bo‘limi tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Departament hamda DXXning Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro K.F. o‘g‘li Sh.F.ga qarashli “Q.M.” fermer xo‘jaligining 15 gektar yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan fuqaro X.F.ga har bir gektarini ming dollardan sotishga kelishib, 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA