French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer-kadastr tizimida 16 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
17:55 / 2022-04-12

Andijonda yer hisobini yuritish, yerlarni talon-taroj bo‘lishi, kadastr sohasida noqonuniy holatlar yuzaga kelishining oldini olish, bino-inshoatlar va yer kadastrini yuritish, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan muloqot o‘tkazildi.

Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazida Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmalari mutasaddilari, tizim xodimlari, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar, davlat soliq boshqarmalari vakillari, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi mas’ullari ishtirok etgan tadbirda yuqorida qayd etilgan masalalar bo‘yicha viloyatda olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Muloqot ochilishida Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov tadbirning maqsadi haqida gapirib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida kadastr tizimi xodimlarining faol ishtirokini ta’minlash, sohani korrupsiyadan xoli, shaffof tizimga aylantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.

Yer insonlar uchun nafaqat yashash makoni, balki ularning turmush farovonligini ta’minlovchi muhim manbadir. Shu bois, yerdan unumli va oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda aholining tez o‘sib borishi, sanoatning rivojlanishi yerlar, ayniqsa, ekin va yashil maydonlarni muhofaza qilish zaruratini yanada oshirdi. Shunga qaramasdan viloyatda yerlarni talon-taroj qilish, noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlar qayd etilayotganligi tadbirda taassuf bilan aytib o‘tildi. Yerlarni talon-taroj bo‘lishining oldini olish maqsadida Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi tuman va shahar inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tekshiruvlarida joriy yilning birinchi choragida viloyatda jami 159 ta holatda 9,9 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlangan. Bundan tashqari, 1 ming 183 ta holatda yerdan foydalanish bo‘yicha qonunbuzilish holatlari sodir etilgan. Ana shunday holatlarga yo‘l qo‘ygan huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 1 milliard 617 million 400 ming so‘m miqdoridagi jarimalar qo‘llanilgan. Ayni kunga qadar jarimalarning 64,6 foizi undirilgan.

Muloqotda soha xodimlarining korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymasligi, o‘ziga yuklatilgan funksional vazifalarni sitqidildan bajarishi, ijro-intizomiga qat’iy amal qilishi bo‘yicha doimiy ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilganiga qaramay, o‘tgan davrda sohaning mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq qator holatlar sodir etilganligi, natijada tizimda faoliyat yuritgan 16 nafar shaxsga nisbatan 11 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi qayd etildi.

Ochiq muloqotda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakilligi vakili, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo Sulaymonov korrupsiya bu eng yomon illat ekanligi, nafsni jilovlash va ta’magirlikka yo‘l qo‘ymaslik lozimligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimi Nodirbek Abdusattarov esa yer kadastr tizimi ayrim xodimlari ta’magirlik yo‘li bilan pora olish jarayonida tegishli huquqni muxofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, korrupsiya bilan bog‘liq qator holatlar oshkor etilganini ta’kidladi.

Viloyatda 2021 yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida iqtisodiy hamda korrupsiyaga oid 1 ming 488 ta holat qayd etilgan. Fuqarolar hamda yer kadastr tizimi xodimlari tomonidan kadastr hujjatini tayyorlab berish yoki yer maydoni ajratilishiga ko‘maklashishni va’da qilgan holda firibgarlik, korrupsion holatlar sodir etilgan.

– Tizimda korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot-tashkiqot ishlariga qaramasdan ayrim xodimlar noqonuniy ishlarga qo‘l urmoqda, – deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Dilshodbek Akbarov. – Bu kabi salbiy holatlar sohada xalol mehnat qilayotgan ko‘plab xamkasblarimizni yuzini yerga qaratmoqda.

Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, sohaning mansabdor shaxslari va xodimlarning 74 nafariga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Masalan, Davlat kadastrlari palatasining Komplayens-nazorat xizmati tomonidan Jalaquduq va Oltinko‘l tumanlarida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida o‘ziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmaganligi uchun Kadastr agentligi Jalaquduq tumani bo‘lim boshlig‘i hamda Davlat kadastrlari palatasi Oltinko‘l tumani filial rahbarilarga nisbatan oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima to‘lash jazosi qo‘llanilgan.

Shuningdek, bir qator qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Davlat kadastrlari palatasi Jaladuduq tuman filiali xisobchisi Sh.Abdullayev, Oltinko‘l tumani filiali mutaxassisi X.Rahimov xizmat vaziflarini lozim darajada bajarmaganligi, yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Ochiq muloqotda sohada korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, salbiy illatlarning oldini olish, xodimlarning bu boradagi mas’uliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Muloqot yakunida 2022 yilning birinchi choragida samarali mehnatlari bilan hamkasblariga ibrat bo‘lgan, soha ishi rivojiga munosib hissa qo‘shgan yer kadastr tizimining 20 nafar xodimi faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

F. UBAYDULLAEV,  Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA