French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer hisobini yuritish tizimi takomillashmoqda
14:45 / 2023-12-10

Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida muhim vazifalar belgilangan edi. Shundan so‘ng joylarda bu boradagi ishlar boshlandi.

Bu haqda davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jasur Ahrorov O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Hozir Toshkent viloyatida jami 1 million 514,9 ming gektar yer maydoni mavjud, – deydi Jasur Ahrorov. – Joriy yildan boshlab kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi UZKAD integratsion axborot tizimi orqali 668,2 ming gektar yer maydonlari hisobga olindi. Prezidentimiz yig‘ilishda bu masalaga ham alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Bunda ma’lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadi, shu bilan birga ish faoliyatimizda qulaylik va shaffoflik ta’minlanadi.  

Ilgari doimiy foydalanish uchun ajratilgan yerlarning huquqiy maqomi aniq emasdi. Oqibatda ayrim joylardagi qishloq xo‘jaligi yerlari kadastr ro‘yxatidan o‘tmasdi. Bu o‘ziga yarasha muammolarga sabab bo‘lgan. Endilikda bu boradagi ishlar zamon talablari asosida bajarilmoqda.  

Endilikda viloyatimiz bo‘yicha 2 ming 616 gektardan ortiq yer maydonida 1 ming 60 ta issiqxona mavjud bo‘lib, 482 tasi doimiy foydalanish huquqi asosida va 578 ta issiqxona ijara huquqi asosida rasmiylashtirilgan. Jami 4 ming 846 ta bog‘ tegishli tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lib, jami 36 ming 16 gektar yer maydonida joylashgan.

Bundan tashqari, 783 ming 505 ta bino-inshoot hisobga olingan bo‘lib, uning 87,5 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bular  yakka tartibdagi turar joylar, ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar, noturar joy ob’ektlari va boshqalardir.

Videoselektorda Prezidentimiz suv fondi yerlaridan qo‘shimcha iqtisodiy samara olishning birdan bir yo‘li – ularni to‘liq kadastrdan o‘tkazish ekanini ta’kidlagan edi. Hozirgi kunda Toshkent viloyatida mavjud 21 ming 297 gektarda joylashgan 1 ming 205 ta kanal va kollektorlar ma’lumotlari UZKAD tizimiga kiritish hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari boshlandi.  

Umuman olganda, bu boradagi ishlar hali tizimli ravishda davom etadi. Maqsad yer resurslaridan oqilona foydalanish, sohada turli korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilashga erishishdir.  

O‘zA muxbiri A.Musayev yozib oldi.