Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer faqat onlayn auksion orqali olinadi
19:39 / 2024-01-09

Keyingi vaqtda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida yerni noqonuniy sotishga urinish bilan bog‘liq holatlar haqidagi xabarlar ko‘payib qoldi. Ko‘p hollarda bu ishga mas’ul shaxslar va sobiq amaldorlar, qishloq xo‘jaligi sohasida ishlayotgan xodimlar qo‘l urmoqda. Vaholanki, ular bu qonunga zidligini yaxshi bilishadi. Ayrim kishilarning qonun-qoidalarni yaxshi bilmasligi va ishonuvchanligi ularning tegirmoniga suv quymoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilning o‘n bir oyida Samarqand viloyatida uy-joy va yer oldi-sotdisi bilan bog‘liq 12 ta jinoyat qayd etilgan. Yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga doir qonunbuzarlik holatlari esa ikki mingga yaqin. Aniq tartib-qoidalar ishlab chiqilib, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay qonunga zid shuncha holat aniqlanishi, albatta, tashvishlanarli.

– Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi 6243-sonli farmoni bilan jarayon to‘liq isloh qilinib, yer berish, sotishga oid aniq tartib va qoidalar ishlab chiqilgan, – deydi Kadastr agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Fozil Xudoyqulov. – Unga ko‘ra, bugun yer uchastkalari xususiy sektorga mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar esa ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida beriladi. Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilingan.

Fuqarolarimiz yodida tutishi kerak, respublikamizda yer olish faqat qonuniy asosda, onlayn auksion orqali amalga oshiriladi. Boshqacha shaklda yer “sotib” olinsa, u qonuniy hisoblanmaydi.

Kadastr agentligining asosiy vazifalaridan biri yer va kadastr nazorati ishlarini amalga oshirish hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlashdir. Shu bois biz davlatimiz rahbari farmoni ijrosini ta’minlash, xususan, yer bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlarining oldini olish, yer nazoratini samarali tashkil etish bo‘yicha tizimli o‘rganish ishlari olib boryapmiz. Dastlabki hisobotlarimizga ko‘ra, 2023 yilning 11 oyida viloyatda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida yer bilan bog‘liq 1970 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan. Ularda jami 448,7 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Bugungacha 856 holatdagi 210,6 gektar yerni noqonuniy egallash bartararaf etilib, yer maydonlari asl holiga qaytarildi. 864 ta ish sud tartibida ko‘rib chiqilishi uchun da’vo arizalari kiritilgan. 195 holatda esa yerni egallab olish bilan bog‘liq jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli yig‘ilgan hujjatlar hududiy prokuratura organlariga taqdim etildi. Bundan tashqari, shu davrda 2000 ta huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Afsuski, noqonuniy yer sotish holatlariga kadastr sohasi xodimlari ham ishtirokchi bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yil boshqarmaning quyi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan 4 nafar xodim shunday qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish esa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga uch yuz baravari miqdorda jarima solinishiga olib keladi. Kodeksning 68-moddasiga ko‘ra, tasdiqlangan yer tuzish loyiha hujjatlaridan tegishli ruxsat bo‘lmay turib chetga chiqish, xuddi shuningdek, tegishli organlar bilan kelishmay turib ob’ektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish va ularni foydalanishga topshirish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzish, yerlardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarni buzib ko‘rsatish, axborotlarni berishdan bo‘yin tovlash yoki noto‘g‘ri axborot berish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, mansabdor shaxslarga besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Aytish joizki, ba’zi fuqarolar yerga bino qurib olsam, davlat hujjatlashtirib beradi, degan noto‘g‘ri tushuncha bilan shu ishga qo‘l urmoqda. Bugun kadastr sohasi eng so‘nggi texnologiyalar asosida ish olib boradi. Ya’ni, zarur bo‘lsa, yer uchastkasining bir necha yil avvalgi holatini kosmik suratlar asosida tekshirish imkoniyati mavjud. Shu bois bunday yo‘l tutish qonunga zidligini yana bir bir fuqarolarga eslatib o‘tmoqchimiz. 

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri