Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer – don, dehqon – xazinabon
10:57 / 2025-06-02

G‘alla – 2025

Qadimdan yurtimizda nonni e’zozlab, uning uvog‘ini ham isrof qilmaganida, mehmonlarga shirmoy non tutqazib, izzat-ikrom ko‘rsatilganida chuqur ma’no bor. Zero, dehqonning halol peshona teri evaziga yetishtiriladigan boshoqli don­ to‘kin dasturxonlarimiz fayzi, tinch-totuv hayotimiz belgisi, farovon turmushimiz manbai. Xalqimiz bejiz yerni donga, dehqonni xazinabonga mengzamagan.

Surxondaryo viloyati g‘allakorlari joriy yil hosili uchun 89 ming 325 gektar maydonda boshoqli don parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi. Kuzda yerga sepilgan don bir tekis undirib olingach, mehr bilan parvarishlandi. Oziqlantirilib, sug‘orildi. Qish va bahor kam yog‘in kelgan yilda g‘alla zararkunandalariga qarshi sifatli ishlov berildi. Bo‘liq boshoqli mo‘l hosil to‘plandi. Shu kunlarda pishib yetilgan hosil o‘rib-yig‘imini uyushqoqlik bilan amalga oshirib, har gektardan o‘rtacha 86 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallamoqda. Yoki o‘tgan yilga nisbatan har gektar yerdan 9,5 sentnerga ko‘p don o‘rib, yig‘ib olinadi. 

Mavsumni tez, sifatli yakunlash uchun viloyatda 120 ta o‘rim otryadi tashkil etilib, ularga 286 ta kombayn, 1 ming 216 ta don tashish transporti biriktirildi. O‘rim agregatlarida nosozlik yuzaga kelganida tezkor xizmat ko‘rsatish uchun 119 ta ko‘chma ustaxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 77 ta yoqilg‘i tashish texnikasi jalb etildi. 

Mutaxassislarning aytishicha, Prezidentimizning 2020 yil 6 martdagi “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori boshoqli don yetishtiradigan dehqonlarning sohaga munosabatini tubdan o‘zgartirib, hosildorlikni yildan-yilga oshirishga undadi. Mazkur hujjat asosida davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechilib, boshoqli don ekinlari bo‘yicha davlat xaridi to‘liq bekor qilingani, ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash uchun zarur miqdordagi donning fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilinishi belgilangani bu borada yutuqlar omili bo‘lmoqda. G‘allachilikda yuz bergan bu kabi yangiliklar fermerlarning mo‘l hosil yetishtirib, yaxshi daromad olishiga qulay muhit yaratdi. 

Angor tumanida bitta klaster va 27 fermer xo‘jaligi 6 ming gektar maydonda g‘alla parvarishladi. Hosilni isrof qilmay yig‘ishtirib olish uchun 26 ta yuqori unumli kombayndan foydalanilmoqda. O‘rib olinayotgan don 80 dan ortiq tashish texnikasida qabul shoxobchalariga yetkazib berilmoqda. Tumandagi “O‘ktambek-Sunnatbek” fermer xo‘jaligi g‘allakorlari mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib, don topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. Qabul shoxobchasiga 40,5 gektar maydondagi “Alekseyevich” navli g‘alladan yuz tonna sara don topshirdi. Tuman g‘allakorlari boshoqli don yetishtirishda erishayotgan yutuqning siri nimada?

– Keyingi yillarda fermerga eng avvalo erkinlik berildi, – deydi Angor tumani fermerlar kengashi raisi Olimjon Mirzayev. – Shunday imkoniyat berildiki, ekin ekish uchun yer maydonini o‘zi tanlaydi. Qaysi konturga qanday navdagi qaysi ekinni ekadi. G‘alladan qanaqa, paxtadan qaysi navni tanlashni o‘zi hal etadi. Bu fermerga dala sharoitidan kelib chiqib, mahalliy iqlimga mos, serhosil ekin yetishtirish imkoniyatini yaratdi. Ikkinchidan, yetishtirgan hosilini birjada erkin sotish huquqi berildi. Topgan daromadi o‘ziniki bo‘ldi. O‘zi istagan ta’minotchidan texnika xarid qilishi yoki dalaga ishlov berish uchun eng sifatli kimyoviy preparatlarni sotib olishi mumkin. Bu yangiliklar fermerning ko‘proq daromad olib, rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. 

Sherobod tumanida yetishtirilgan 11 ming 200 gektar maydondagi boshoqli don o‘rimi ham qizg‘in pallaga kirmoqda. Mavsum boshlangan ilk kunlarda “Otabek oltin paxtasi” fermer xo‘jaligi don topshirish yillik rejasini uddaladi. Qabul shoxobchasiga 77 gektar maydondan 230 tonna sifatli don topshirdi.

Viloyatda don topshirish rejasini ortig‘i bilan uddalayotgan fermerlar safi kun sayin kengayib bormoqda. Masalan, Sho‘rchi tumanida 187 fermer xo‘jaligi 6 ming 347 gektar maydonda bug‘doyning hudud iqlimiga mos, serhosil, ertapishar “Alekseyevich”, “Grom”, “Bunyodkor” kabi navlarini ekib, parvarishladi. “Sho‘rchi Abu Bakr” fermer xo‘jaligi ko‘p emas, olti gektar maydonda “Bunyodkor” navli g‘alla yetishtirib, salmoqli hosil to‘pladi. G‘allaga o‘roq tushgan ilk kunda 35 tonna sara don topshirib, rejasini ortig‘i bilan bajardi.

– G‘allakorlar uchun yaratilgan imkoniyat xalqimizni arzon va sifatli non hamda non mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qilmoqda, – deydi “Sho‘rchi Abu Bakr” fermer xo‘jaligi rahbari Akramxo‘ja Xoliqov. – G‘alla issiqsevar o‘simlik. Ob-havo nisbatan issiq kelgan bu yilgi sharoitda maysalar tez yetilib, erta pishdi. O‘rim boshlangan dastlabki kunda har gektar yerdan o‘rtacha 75 sentnerdan sara don yig‘ib olib, shartnomaviy rejani ortig‘i bilan topshirdik. Qolgan maydondagi g‘allani ham o‘rib, yig‘ib oldik. Bu bizga qo‘shimcha daromad bo‘ldi. G‘alladan bo‘shagan maydonlarning somonini yig‘ishtirib olib, ikkinchi ekin ekishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. 

G‘alla o‘rim-yig‘imi uyushqoqlik bilan davom etayotgan vohada tabiatimiz jonkuyarlari dalalarda bo‘lib, somon poyalarini yoqib yuborishning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot va nazorat tadbirlarini ham olib borayotir. Somon poyalarini yoqishning tevarak-atrofga zarari va yer unumdorligini pasaytirishi atroflicha tushuntirilmoqda.

Joriy yilgi mavsumda viloyat g‘allakorlari mavjud maydonlardan 685 ming tonnadan ziyod sara don yig‘ib olishni rejalashtirmoqda. 

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri