English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer – daromad manbai, undan oqilona foydalanish zarur
20:29 / 2022-03-23

Yer – daromad manbai. bugungi kundagi sharoit va imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalangan yurtdoshlarimiz o‘zlarining tomorqasini oilasining asosiy daromad manbaiga aylantirgan.

Keyingi yillarda yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish va shu orqali yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifati hamda hajmini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmmoqda. Sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bog‘dorchilik, uzumchilikni rivojlantirish, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xom ashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish hamda ushbu yerlarda oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha katta imkoniyat mavjud.

Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu borada dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Mazkur hujjatga ko‘ra,  2022 -2025 yillarda Navoiy viloyatida 19 ming 560 gektar, jumladan, joriy yilda 7 ming 823 gektar yer maydoni aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida aholiga bo‘lib berildi. 

– Bu yerlar dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 0,10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 10 yilga ijaraga beriladi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Mansur Nosirov. – Yer uchastkasidan ijara shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar asosida foydalanish mumkin. Ijaraga berilgan yer uchastkalari oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash ob’ekti bo‘lishi mumkin emas. Yer maydoni aholining daromadini oshirish uchun xizmat qilishi lozim. 

Albatta, ijaraga berilgan yer uchastkasi yer uchastkasini sotish yoki o‘zgacha tarzda boshqalarga o‘tkazish, yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga va yordamchi pudratga berish, yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini o‘zgartirish taqiqlanadi. Aksincha, yer unumdorligini saqlash va oshirish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini soz holatda saqlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya qilish, shu jumladan yer uchastkasidagi tuproq qatlamini asrash lozim.

Ayni paytda qaror ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida Navoiy viloyati sudi sudyalari tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining chizmalari va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga kelishi, ijaraga berilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanishni ta’minlashning huquqiy asoslari, yer uchastkasi ijarasi, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi, yer qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik borasida keng tushuntirish berilmoqda.

– Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi, – deydi Navoiy viloyat sudi jamoatchilik va OAVlar bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Aziza Ro‘ziyeva. – Prezidentimizning “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori davlat tomonidan aholining keng qatlamlarini mehnat bilan band qilish orqali kambag‘allikni qisqartirish, aholining iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida ajratilgan yer uchastkalaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida qabul qilingan qarordir. Joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida yerlarni ajratishda ustuvorlik, eng avvalo, mahalladagi sharoiti og‘ir, lekin ishlashga ishtiyoqi baland oilalarga berilishi va bunga hokim yordamchilari bosh qosh bo‘lishlari lozimligi, aholini ajratilgan yerdan unumli foydalangan holda daromadini oshirishi lozimligi tushuntirilmoqda. 

Albatta, dehqon xo‘jaligi yeridan oqilona foydalanmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinadi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.