Tomorqani har bir xonadonning haqiqiy xazinasi, desak, sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki u nafaqat oila dasturxonini to‘kin qilish, balki barqaror daromad manbaini yaratish, mehnat orqali farovon turmushga erishish imkoniyatini ham beradi.
Yoz faslida ochiq maydonda, qish mavsumida esa ixcham issiqxona sharoitida turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish orqali har bir xonadon o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlab, oila farovonligi uchun mustahkam poydevor qo‘yishi mumkin.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Quyi Yangibozor mahallasida istiqomat qiluvchi To‘lqin aka Rahimovning dehqonchilikdagi ish tajribasi ana shu fikrning yorqin va ibratli isbotidir. U o‘z tomorqasidan oqilona foydalanib, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik va zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali barqaror daromad manbaini yarata olgan insonlardan biri hisoblanadi.

Qahramonimiz bir emas, balki ikkita ixcham, zamonaviy talablarga javob beradigan kichik issiqxona barpo etib, dehqonchilikni tizimli yo‘lga qo‘ygan. Ishning ko‘zini bilgan, yer bilan til topisha olgan usta dehqon issiqxonalarning birida bulg‘or qalampiri yetishtirishni yo‘lga qo‘yib, qisqa muddat ichida mo‘l va sifatli hosil olishga erishmoqda. Bu esa nafaqat oila ehtiyojini qondirish, balki bozorga mahsulot chiqarish orqali daromadni oshirish imkonini ham yaratmoqda.
– Mahallamizdagi hokim yordamchisining ko‘magida imtiyozli bank krediti asosida issiqxona tashkil qildik, – deydi To‘lqin aka. – Dastlab tomorqadan ko‘zlangan natijani olish uchun yer unumdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratdik. Kaliforniya chuvalchangi orqali biogumus hosil qilib, uni ekin maydonlariga kiritdik. Yer ko‘chat ekishga to‘liq tayyor holatga kelgach, bulg‘or qalampirining “Vedrana” navini o‘tqazdik. Bu nav turli kasalliklarga chidamliligi, hosildorligi va bozor talabiga mos sifat ko‘rsatkichlari bilan bizda katta qiziqish uyg‘otdi.

“Vedrana” navi bugungi kunda dunyo bo‘ylab ommalashgan navlardan biri bo‘lib, ertapisharligi va yuqori hosildorligi bilan ajralib turadi. U turli iqlim sharoitlariga yaxshi moslashuvchan bo‘lib, ko‘chat ekilgandan keyin taxminan 60-65 kun ichida hosilga kiradi. Har bir mevasi o‘rtacha 150 grammdan 250 grammgacha yetib, tashqi ko‘rinishi, ta’mi va saqlash qobiliyati bilan ham yuqori baholanadi. Bu esa uni ham iste’molchilar, ham bozor savdosi uchun juda maqbul navga aylantiradi.
Bugungi kunda Rahimovlar xonadonida tomorqa xo‘jaligi taraqqiy etgan, tizimli va rejali ravishda rivojlanib bormoqda. Tomorqada yetishtirilayotgan mahsulotlar nafaqat oila dasturxonini to‘ldirmoqda, balki qo‘shimcha daromad manbai sifatida oila iqtisodiy barqarorligini ta’minlamoqda. Bu esa xonadonga fayzu baraka, xotirjamlik va farovonlik bag‘ishlamoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yangibozorlik Rahimovlar oilasining tajribasi tomorqadan oqilona foydalanish, mehnatga suyangan tadbirkorlik, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali har bir xonadon o‘z turmush darajasini oshirishi mumkinligining yorqin namunasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri