Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yer bilan tillashgan fermer (+video)
12:32 / 2022-03-09

Ayolni e’zozlash, ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos oliyjanob qadriyat hisoblanadi. Yurtimizda xotin-qizlarga yuksak hurmat, doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinayotgani, davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ham bejizga emas.

Ayol bugun nafaqat ona va sevikli yor, balki u o‘qituvchi, shifokor, tadbirkor, fermer. Bir so‘z bilan aytganda, u bilan jamiyat go‘zal, olam charog‘on.

Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Gulxumor” fermer xo‘jaligi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Gulxumor Tog‘ayeva nafaqat Namangan viloyati, balki mamlakatimizdagi faol ayollardan, peshqadam fermerlardan biri.

Toshkent irrigatsiya va meloratsiya institutini suv xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan Gulxumor Tog‘ayeva uzoq yillar Uchqo‘rg‘on davlat xo‘jaligida turli mas’ul vazifalarda mehnat qildi. Mustaqil vatanimizda fermerlik harakati keng ommalashgani natijasida, u 1999 yilda “Gulxumor” fermer xo‘jalagigiga asos soldi. O‘tgan 20 yildan oshiq tajriba o‘z samarasini berib, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jalik tashkil etdi. Oldinlari faqat g‘alla va paxta yetishtirilgan bo‘lsa, keyinchalik chorvachilik, tomorqa, bog‘dorchilik kabi xo‘jaliklar tashkil etildi. Ishchilar soni esa 700 nafarga yetdi. Ularning 60 foizi esa xo‘jalik joylashgan Yangiyer mahallasida istiqomat qilayotgan xotin-qizlardan iborat.

Jami 1 ming 128 gektar maydonga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi sarkori bilan dildan suhbatlashish uchun bordik. Dala maydonidan ishchan ruhda qaytgan xo‘jalik rahbari bizni ochiq chehra bilan qarshi oldi.

O‘tgan mavsumda 470 gektar yerga paxta va 420 gektarga g‘alla ekilgan bo‘lsa, har gektardan hosildorlik paxtadan 45-55 sentner va g‘alladan esa 70 sentnerni tashkil etdi. 1,5 ming tonna g‘alla va 1 ming 660 tonna paxta shartnomaviy rejalar ortig‘i bilan o‘z vaqtida bajarildi. Qolaversa, 10 gektar bo‘sh yerda barpo etilgan intensiv bog‘dagi dehqonchilik ham baraka keltirmoqda. Bu yerda yetishtirilgan mevalar nafaqat ichki bozorga, balki xorijga ham yetkazib berilmoqda. Birgina, olmaning o‘zidan 190 tonna hosil yetishtirilib, barchasi Qozog‘istonga 26 ming AQSH dollari miqdoridagi eksport qilindi.

300 gektardan ortiq maydonda tashkil etilgan chorvachilikda ham natijalar xo‘jalik a’zolarini birdek quvontirmoqda. 2015 yili Polshadan keltirilgan 30 bosh qoramol naslchilik asosida parvarishlanishi samarasida ular soni bugunga kelib, 270 boshga yetganligi tahsinga sazovor. Zotli qoramollardan olinayotgan sut mahsulotlari nafaqat xo‘jalik ishchilari va mahalliy aholiga birdek manzur kelishi asnosida “Nestle” qo‘shma korxonasiga ham shartnoma bo‘yicha yetkazib berilmoqda.

15 gektar yerga ekilgan kartoshka, piyoz, sabzi kabi sabzavotli ekinlardan ham mo‘l hosil olinmoqda. Ularni sifatli, bir maromda saqlash uchun 100 tonnalik sig‘imga ega bo‘lgan sovutkich o‘rnatildi. 50 sotix yerga qurilgan issiqxonaning 26 sotixi limonariyaga ixtisoslashtirildi. E’tiborlisi, limon ekilgan joyda bir vaqtning o‘zida qulupnay ham yetishtirilmoqda. Shuningdek, issiqxonada ekilgan sabzavotlar qatorida aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan pamidor va bodring, kabi nozu ne’matlar ham bor.

Fermer ayol ishsiz mahalladoshlari bandligini ta’minlash maqsadida asalarichilikni ham yo‘lga qo‘ydi, ming dardga darmon bo‘luvchi shifobaxsh ne’matni yetishtirish sir-asrorlarini bugun o‘rganayotgan yosh yigit-qizlar ertaga asalarichilikkka qiziqqan tengdoshlarini ham ergashtirishi shubhasiz.

Gulxumor Tog‘ayeva fermer xo‘jalikdan olingan daromad hisobidan o‘zi istiqomat qilayotgan Yangiyer mahallasi hududida ishlab chiqarish tarmoqlarini kengaytirish va buning hisobidan yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Hudud aholisining salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirish maqsadida terapiya hamda diagnostikaga ixtisoslashgan 46 o‘rinli xususiy shifoxona barpo etildi. Yurakdagi o‘zgarishlarni tashhis qilish, fizioterapevtik muolajalarni o‘tkazish uchun 350 ming dollar miqdoridagi zamonaviy tibbiyot uskunlari olib kelib o‘rnatildi.

– Bir vaqtlar yaqin qarindoshim og‘ir kasallikka chalingani sababli uni Hindistonda davolatishga majbur bo‘ldik, – deydi Gulxumor Tog‘ayeva. – Tibbiyoti jahon darajasida yuksalgan bu davlatdagi ilg‘or tajribalarni o‘zimizni shifokorlar bilan birga o‘rgandik va o‘zimizni sihatgohimizda qo‘llashga qaror qildik.

Gulxumor opa nafaqat fermer, balki o‘z hududidan xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga saylangan deputat sifatida aholi murojaatlarini hal etishga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

U saylovchilardan kelib tushgan murojaatlarni hal qilish hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joyga ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar uchun xarid qilingan 13 ta kottejning oylik to‘lovlarini o‘z hisobidan amalga oshirmoqda.

– Rahmatli otam aytgan nasihatlariga kirib, aslo kamlik ko‘rmadim, – deydi fermer. – O‘zim tanlagan kasbda ardoq topish uchun faqat tinimsiz mehnat qildim, to‘g‘ri ishlashga intildim. Yer tirik. Unga o‘z farzandingiz kabi mehr bering. Ana shundagina ko‘zlangan hosilni olasiz. Daromadga ega bo‘lasiz. El oldida hurmat va obro‘ qozonasiz. To‘g‘risi, ko‘p pul topishga intilmayman, uni yon-atrofimdagi insonlarga sarflayman. Xo‘jalikda oddiy ishchidan tortib, rahbar bo‘lib o‘zimgacha halollikni, yer bilan dillashish, tillashishni asosiy shior qilib olganmiz. Dangasalikni, boqimandalikni aslo xushlamayman. Barchani halol mehnat qilish, tinimsiz izlanishga va shuning orqasidan natijaga erishishga chorlab kelaman. Zero, daromad va yuksak natijaga zahmatli va sharafli mehnat tufayli erishiladi. Ko‘p tarmoqli xo‘jalikda olib borayotgan kamtarona mehnatlarim yuksak e’zozlanib, Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Bu Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlar mehnati e’tirof etilayotganidan, biz ayollarni jamiyatdagi o‘rnimiz yuksalayotganidan dalolat.

Gulxumor Tog‘ayeva suhbat yakunida yana bir xayrli rejasi haqida gapirib berdi. Fermer mahallasi hududida bog‘ sifatida foydalanib kelingan, hozirda bo‘sh yotgan 90 sotix yerda 35 milliard so‘mlik loyiha asosida yirik sport majmuasini barpo etish niyatida. Agar tuman hokimligi va tegishli mutasaddi tashkilotlardan bu borada amaliy ko‘mak ko‘rsatilsa, bir vaqtning o‘zida sportning 13 ta turi bilan muntazam shug‘ullanish imkonini beruvchi ajoyib sport maskani qad rostlaydi.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/7B33ivJ_x4o" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA