Yer qonunbuzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etishda samarali davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida Kadastr agentligi tomonidan “Ye-yer nazorat” dasturi ishlab chiqildi.
Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu dastur bir qator imkoniyatlarni beradi.
– Jumladan, nazorat tadbirlarini amalga oshirishda ortiqcha qog‘ozbozlik hamda ehtimoliy korrupsion harakatlarning oldini olish, yer qonunbuzilish holatlarini aniqlashdan to bartaraf etishgacha bo‘lgan jarayonlarni monitoring qilib borish, yerga oid qonunbuzilishlar va ularning bartaraf etilishi to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarning avtomatlashtirilgan elektron hisobini yuritish imkonini beradi, – deydi Ne’mat Atamuratov. – Shu bilan birga, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, yerlardan maqsadsiz foydalanish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z muddatida murojaat qilmaslik holati bo‘yicha manzilli ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini beradi.
Hozir kunda “Ye-yer nazorat” dasturini Oliy sud, Bosh prokuratura, MIB, IIV, “O‘zbekkosmos” va “O‘zbekiston pochtasi” kabi bir qator idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish ishlari yakunlanish jarayonida. Shuningdek, Kadastr agentligi tomonidan davlat yer nazorati tadbirlarini amalga oshirishga mo‘ljallangan 790 dan ortiq maxsus planshetlar yer nazoratchi inspektorlarga yetkazildi.
Joriy yil 1-martdan Toshkent shahar va Toshkent viloyatida sinov tariqasida nazorat tadbirlarini planshetdan foydalanib, yer qonunbuzarlik joyining o‘zida elektron rasmiylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Sinov natijalaridan kelib chiqib, 2024-yilning may oyidan boshlab respublika bo‘yicha davlat yer nazorati tadbirlarini maxsus planshet va bodi kameradan foydalangan holda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ushbu planshet va bodi kameralar orqali o‘tkazilgan yer nazorati tadbirlari “Ye-yer nazorat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi asosida ishlaydi hamda huquqbuzarlikni aniqlashdan boshlab tegishli choralar ko‘rilishiga qadar bo‘lgan barcha jarayonlar elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Nazorat tadbirlarining har bir bosqichi tegishli tartibda monitoring qilib boriladi.
Fuqarolar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va u yerga noqonuniy qurilmalar qurish holatlari yuzasidan Kadastr agentligining 1097 qisqa raqami yoki kadastr.uz sayti orqali xabar berishlari mumkin.
Qayd etilgan va o‘z tasdig‘ini topgan har bir holat “Ye-yer nazorat” dasturiga kiritiladi hamda ijrosi ham dastur orqali nazoratga olinadi, – deydi Ne’mat Atamuratov.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA