Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi, tuman, shahar bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi” va boshqa qonun hujjatlarida sohaga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, yerlardan maqsadli va samarali foydalanish, ayniqsa, sug‘oriladigan yer maydonlarini asrab-avaylash, talon-taroj qilinishining oldini olish maqsadida viloyat miqyosida muntazam yer nazorati tadbirlari olib borilmoqda.
Olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlariga qaramasdan hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer maydonlaridan maqsadsiz hamda samarasiz foydalanish, noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari uchramoqda.
O‘rganishlar davomida joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 139 ta holatda 4,5 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi.
Qonunbuzilish holatlari yer turlari bo‘yicha tahlil qilinganida, 6 ta holatda 0,70 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, 61 ta holatda 0,40 gektar aholi punktlari yerlari, 45 ta holatda 0,50 gektar sanoat, transport, aloqa, mudofaaga tegishli va boshqa yerlar, 16 ta holatda 0,30 gektar suv fondi yerlari va 11 ta holatda 2,6 gektar davlat zaxira yerlari bilan bog‘liq ekanligi, ya’ni noqonuniy egallab olinganligi ma’lum bo‘ldi.
Masalan, yer nazorati tadbirlari davomida mutaxassislarimiz tomonidan Izboskan tumani, To‘rtko‘l mahallasida yashovchi fuqaro T.R. o‘ziga tegishli bo‘lgan yashash xonadoniga tutash bo‘lgan yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilib olganligi aniqlandi. Shunday holat Marhamat tumani, Navro‘z mahallasi Mustaqillik ko‘chasida ham qayd etildi. Fuqaro A.M. tomonidan o‘ziga tegishli bino inshootlarining old qismidagi piyodalar o‘tish yo‘li o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.
Shahrixon tumanida olib borilgan nazorat tadbirlari davomida tumanning Qumtepa mahallasi hududidagi mavjud 35 kv.metr yer maydoni shu hududda yashovchi, fuqaro A.Sh. tomonidan hech qanday huquqiy hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, savdo do‘koni qurib olingani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida Ulug‘nor tumani, Bo‘ston mahallasida yashovchi fuqaro B.O. tomonidan tumanning Mirzaahmedov massividagi 1 gektar yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan baliq boqiladigan hovuz qilib, yerdan noqonuniy foydalanish holati sodir etilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi hamda tuman, shahar bo‘limlari inspektorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
[gallery-16088]
Shuningdek, Qo‘rg‘ontepa tumanida olib borilgan yer nazorati tadbirlarida tumanning Qorasuv massivida aslida yengil konstruksiyali vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan issiqxona qurish uchun ajratilgan yer maydoniga fuqaro M.M. tomonidan hech qanday ruxsatsiz mukammal qurilmalar qurilib, atrofi beton devor bilan o‘rab olganlik hamda hujjatda ko‘rsatilgan yer maydonidan 0,10 gektar yer maydoni ortiqcha egallab olinganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha yig‘ilgan hujjatlar tuman prokuraturasiga taqdim etildi.
Boshqarmamiz, tuman, shahar bo‘limlarimiz mutaxassislari tomonidan yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘rganish, targ‘ibot, tushuntirish va profilaktik tadbirlari belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda.
Botirjon Mirzahmedov,
Kadastr agentligi Andijon viloyati
boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.
O‘zA