Yer – inson hayotining tayanchi, davlat barqarorligining poydevori. Unga egalik qilish, foydalanish hamda uni asrab-avaylash har bir fuqaroning huquqiy hamda ma’naviy burchidir. Shu ma’noda, yer munosabatlarida tartib va qonuniylikni ta’minlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan sanaladi.
Shu maqsadda Kadastr agentligi tomonidan doimiy ravishda yer va kadastr nazorati o‘tkazib kelinmoqda. Jumaladan, Agentlikning Buxoro viloyati boshqarmasi hamda uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan olib borilgan nazorat va o‘rganishlar davomida joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida 3 234 ta holatda jami 92,7 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi.
Har bir holat bo‘yicha fuqarolar va xo‘jalik sub’ektlariga yozma ogohlantirishlar berildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berib, 2 227 ta holatda (39,47 gektar) yer maydonlari ixtiyoriy ravishda bartaraf qilindi.
Viloyatda olib borilgan tahlillar davomida 765 ta holatda (191 gektar) yerlardan maqsadsiz foydalanish holatlari ham qayd etildi. Ushbu holatlar bo‘yicha 759 ta taqdimnoma sudlarga kiritilib, ko‘rilgan choralar natijasida 726 ta holatda (180,5 gektar) yer maydonlari tuman va shahar hokimliklarining zaxirasiga qaytarildi.
Mazkur natijalar shuni ko‘rsatadiki, Kadastr tizimi nafaqat nazoratni kuchaytirmoqda, balki jamiyatda yerga nisbatan qonuniylik va mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutmoqda.
Bugun Kadastr agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari yer munosabatlarida adolat va qonuniylikni mustahkamlash, yerlarning maqsadsiz egallanishi va talon-taroj qilinishining oldini olish, shuningdek, davlat va jamoat manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.