Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tayotgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida yengilmas bokschimiz Bahodir Jalolov barcha raqiblarini yengdi va ikki karra Olimpiada chempioniga aylandi.
Mamlakatimizda aholi o‘rtasida sport va jismoniy tarbiyani yanada ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar samarasida bugun bir qator alpqomat, bilagida tog‘dek kuchi bor, ruhan va ma’nan tetik, har tomonlama mukammal sportchilar kamol topmoqda.

Ulardan biri boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi havaskor va professional ringlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan Bahodir Jalolovdir.
Bahodir Jalolov 1994 yilning 8 iyul kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Oiladagi sog‘lom turmush tarzi, otasining sportga bo‘lgan qiziqishi sabab dastlab futbol bilan professional tarzda shug‘ullandi. So‘ngra otasi 13 yoshli o‘g‘lini Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga olib bordi va u yerda murabbiylari Rustam Saidov va To‘lqin Qilichevdan boks sirlarini o‘rgandi.

Tajribali murabbiylardan charm qo‘lqop sir-asrorlarini o‘rgangan Bahodir 2009 yili Jizzaxda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda toblangan bokschimiz 2013 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘ldi va qatorasiga uch yil mamlakat birinchiligida unga munosib raqib topilmadi.

2013-2023 yillarda u bir qator xalqaro turnirlarda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Uch karra Osiyo, ikki karra jahon chempioniga aylandi. Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida tengsiz bo‘ldi hamda bir qator turli nufuzli turnirlarda shohsupaga ko‘tarildi.
O‘zbekistonning boks bo‘yicha xalqaro darajadagi yutug‘i kundan-kunga ortib bormoqda. Mazkur sport turini yanada ommalashtirish va “ustoz-shogird” an’anasi orqali yosh bokschilarni yetishtirish maqsadida professional bokschilar maktablari, xususan, Prezident qarori bilan Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tashkil etildi.
Uning bu ulkan g‘alabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan munosib baholanmoqda. Davlatimiz rahbari yengilmas sportchimizni 2019 yili “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2021 yili “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va 2023 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirladi.
Joriy yilgi mavsumda ham bokschimiz bir qator musobaqalarda g‘olib bo‘ldi. Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rdi. Parij shahri mezbonligida o‘tayotgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida norvegiyalik Omar Shihani, avstraliyalik Teremoanani, germaniyalik Nelviy Raman Tiafakni so‘nggi hal qiluvchi final jangida ispaniyalik Ayyub Gadfani mag‘lubiyatga uchratgan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ha, bugun Bahodir Jalolov erishayotgan ulkan yutuqlarga havas qilsa arziydi. Bir sportchi uchun orzu bo‘lgan ulkan zafarlar unda bor. Uning bu g‘alabalari mamlakatimizda sportga qaratilgan ulkan e’tibor va ushbu sohada olib borilayotgan to‘g‘ri siyosat samarasidir.
– Har bir sportchi xalqaro maydonlarda o‘z Vatani bayrog‘ini baland ko‘tarishni orzu qiladi, – deydi boks bo‘yicha amaldagi qit’a va jahon chempioni, Olimpiya hamda Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov. – Musobaqada g‘alaba qozonib, bayrog‘imiz ko‘tarilganda qalbim cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ldi. Sport bilan shug‘ullanishni boshlaganimda Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, qit’a hamda jahon chempioni bo‘lishni orzu qilardim. Bugun esa bu orzularimga erishdim.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA